“Google” ko‘pchiligimiz foydalanadigan “Gmail”, “Google Maps”, “Google Play”, “Chrome”, “YouTube” va “Android” operatsion tizimini yaratgan yoki sotib olgan.
Hozirda u “Alphabet” xoldingining sho‘ba korxonasi hisoblanadi. 2024-yil oktabr oyi ma’lumotlariga ko‘ra, xoldingning kapitallashuvi $2 trlndan oshib ketgan.
Bugungi kunda kompaniyaning 50 davlatda 170 mingdan ortiq xodimi mavjud. Yillar avval Stanford universitetining ikki aspiranti tomonidan tashkil etgan bu startap kompaniya sifatida 1998-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.
Kompaniya qanday tarixga ega ekanligi haqida ko‘pchilik oz bo‘lsa ham ma’lumotga ega. Unga ko‘ra, u kichik garajdan boshlangan biznes.
Lekin Brin va Larri nima sababdan qidiruv tizimini yaratishga urinishgan, ular qanday qilib tanishib qolishgan, garajni ijaraga bergan odam keyinchalik “Google"ning vitse-prezidenti bo‘lgani-yu, Brinining pitsa yetkazib berish g‘oyasi nima sababdan muvaffaqiyatsiz yakun topgani haqida ko‘p joyda hikoya qilinmaydi.
“Spot” bu gal “Google"ning qanday yaratilgani haqidagi ma’lumotlarni bir joyga yig‘ib, voqealar zanjirini bir-biriga bog‘ladi.
Brinining pitsa yetkazib berish biznesi
90-yillar boshlarida AQShda pitsalarni uyga yetkazib berish xizmatlari ommalashgandi. Buyurtmalarning katta qismi telefon orqali qabul qilinardi. Bu esa muloqot qilishni yoqtirmaydigan insonlar uchun noqulayliklarni keltirib chiqargan.
Aynan shunday paytda Stenford oliygohining talabasi Sergey Brin “faks” orqali pitsalarga onlayn buyurtma berish imkonini beradigan tizim yaratish ustida bosh qotira boshlaydi.
Biroz muddatdan so‘ng g‘oya amaliyotda tatbiq qilinib, telefonda buyurtma berishni istamaydigan odamlar “faks” orqali o‘zlarining sevimli yeguliklariga buyurtma berishni boshlashdi.
Foto:Dzen
O‘sha kezlarda, “faks” orqali xabarlarni qabul qilish ommalashgan bo‘lsa-da, buyurtma berish xizmatida bunday usuldan foydalanish muvaffaqiyatsiz yakunlanadi.
Sababi, buyurtma oluvchi pitsaxonalar “faks"dan kelgan xabarlarni ko‘pincha e’tiborsiz qoldirishardi.
E’tiborsizlik natijasida buyurtmachilar pitsasiz qolishdi va bu usuldagi buyurtmadan foydalanmay qo‘yishdi. Oqibatda, Brin “faks” g‘oyasidan voz kechdi.
Tarixning boshlanishi: ikki do‘stning qidiruv g‘oyasi
Bu paytda, Stenford oliygohining yana bir talabasi Larri Peyj dissertatsiya yozish ustida bosh qotirayotgandi. Tadqiqot mavzusi sifatda internet qidiruv tizimini tanlagan. Shu paytda Larriga matematika bo‘yicha kuchli mutaxassis kerak bo‘ladi. Bu jabhada unga pitsa yetkazib berish biznesida muvaffaqiyatsiz tajribaga ega, lekin matematikada malakali bilim sohibi universitetning yana bir talabasi Brin yordamga keladi.
Larri dastlab ilmiy loyihasiga “BackRub” deb nom bergan.
Shundan so‘ng ular qidiruv tizimi ustida hamkorlikda ish boshlashadi va 1996-yil bahorining oxirlarida tizimining birinchi versiyasi ishga tushiriladi. Oradan bir yil o‘tib esa loyiha nomi “Google"ga o‘zgaradi.
Rasming chap tomonda turgan Larri Peyj, o‘ng tomondagi Sergey Brin. Foto: Lindeal.
“Google” nomi yuzta nolli 1 raqamini bildiruvchi “gugol” so‘zidan kelib chiqqan. Kundalik hayotda tobora ko‘p qo‘llanilib borayotgan “to google” fe’li 2006-yilda Oksfordning ingliz tili lug‘atiga kiritilgan.
Dastlab “Google” qidiruv tizimi Stanford universiteti saytida “google.stanford.edu” manzili orqali joylashtirilgan. Endi do‘stlarni startapning logotip ko‘rinishi o‘ylantira boshlaydi.
Ilovada yaratilgan logotip
Dastlab, logotip “BackRub” nomiga moslab qilingan. Unda qo‘l tasviri tushirilgan bo‘lib, qizil harflar bilan loyiha nomi yozilgan.
Qidiruv tizimining nomi “Google"ga o‘zgarganidan so‘ng, oddiy harflar bilan nom to‘liq yozilib, turli ranglar bilan qorishtirilgan. Birinchi dizayn kimga tegishli bo‘lgani xususida qarashlar farqlanadi. Ba’zilar birinchi logotipni Brin bepul “GIMP” dasturi yordamida ishlab chiqqan deb hisoblaydi.
Oradan vaqt o‘tib, Brin Stanford universiteti professori Rut Kedardan “Google” logotipini yaratishda yordam so‘raydi. Dizayner do‘stlarga bir nechta namunalarni taqdim etadi. Unda logotip birinchisiga o‘xshash faqat harflar shrifti sodda va o‘qishga oson qilib ishlab chiqilgan.
Logotiplarning o‘zgarib borishi. Foto: Lindeal.
Bir necha bor muhokama qilinib, eskizlar qayta ishlangandan so‘ng “Google” logotipining sakkizinchi variantidagi dizayni ma’qullandi. Atigi bir necha yil ichida bu timsol “Nike” belgisi singari taniqli bo‘lishga ulguradi.
Rut ko‘ngilochar va bir qarashda oddiy ko‘rinadigan logotip yaratgan.
“Google” hali hamon fasllar, oylardagi muhim kunlarga moslab logotipini o‘zgartirib boradi.
Qidiruv tizimining ishga tushishi
Logotip bilan ishlar bir maromda yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng 1997-yil 15-sentyabrda Peyj va Brin zamonamizning eng mashhur kompaniyasiga asos bo‘lgan “google.com” domen nomini ro‘yxatdan o‘tkazishadi.
Yangi firma uchun ofis sifatida hamkorlar talabalar yotoqxonasi yaqinidagi uydan garaj va uchta xonani ijaraga olishdi. Sababi, Stenfordda allaqachon o‘z xonasini kompyuterlar bilan to‘ldirib, tez-tez mahalliy tarmoqlar yuklamasini haddan tashqari oshirgani tufayli ikki talabaga norozilik bildira boshlangandi. Garajni ularga Syuzan Vojitski ijaraga bergan.
Keyinchalik, Syuzan “AdSense” va “AdWords” ustida ishlaydi, hozirda “Google” kompaniyasining katta vitse-prezidenti lavozimini egallab, “YouTube” ijtimoiy tarmog‘i uchun javobgar hisoblanadi.
1998-yil 4-sentyabr sanasida esa Bextolshteymdan $100 ming miqdoridagi sarmoyani olgan do‘stlar o‘z kompaniyalarini rasman ochishadi. To‘rt oydan so‘ng “Google” qidiruv tizimi taxminan 60 mln internet sahifasini indeksatsiya qiladi. Bu esa uning o‘sha paytdagi raqobatchilaridan sezilarli ustunligini ko‘rsatgan.
Foto: Sitecentre
Garchi kompaniya geometrik progressiyada o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, ular o‘z salohiyatini to‘liq ochish uchun loyihaga “kattalar nazorati” kerak degan qarorga kelishdi. Shu sababli 2001-yilda “Google"ni boshqarish uchun “Novell"ning sobiq bosh direktori Erik Shmidtni yollashadi. O‘zining tajribasi va iste’dodi tufayli Shmidt tez orada direktorlar kengashiga kirdi va 2001-yil mart oyida kompaniya direktorlar kengashi raisi bo‘ldi.
Bir yil o‘tgach, sakkiz kishidan iborat kompaniya Palo-Altoga ko‘chib o‘tdi. 2001-yil oktyabr oyiga kelib “Google” qidiruv tizimi foyda keltira boshlaydi.
2004-yilda Google aksiyalari birjada paydo bo‘lib, “Gmail”, “Google Docs” va “Google Drive” kabi bir nechta mashhur mahsulotlarni ommaga taqdim etadi. IPO prospektida kompaniya o‘zining mustahkam o‘rnashib qolgan “Don't be evil” (Yomonlik qilma) shiori bilan potensial aksiyadorlarni jalb qilishga intildi.
“Google"dagi “Yoshka” kuchugi
Kompaniyasi joylashgan ko’cha “Google street” deb nomlanadi. Yoshka esa “Google” kompaniyasining birinchi asosiy kuchugi hisoblanadi. Kompaniyaning yangi ofisi “Googleplex"ga ko‘chib o‘tgan paytida Yoshka jamoaga qo‘shilgan. Bundan tashqari, u kompaniyaning rasmiy xodimi hisoblanadi.
Oyog‘idan jarohat olgan so‘ng ofisida yugura olmagan. Yoshka kompaniya ofisida paydo bo‘lganidan beri u yerdagi muhit va kayfiyat tubdan o‘zgargan. Kompaniya o‘z ofislarini itlar uchun qulay qilishga qaror qilib, xodimlarga uy hayvonlarini tez-tez ishga olib kelishini rag‘batlantirib borgan.
Foto: Sitecentre
2011-yilda Yoshka vafot etgach, kompaniya o‘zining asosiy kuchugi sharafiga qahvaxona qurgan. Hozirda u “Yoshka's Cafe” deb nomlanib, u yerda kichik muzey ham tashkil etilgan.
“Alphabet"ning tashkil etilishi
Kompaniya tarixidagi navbatdagi muhim bosqich 2015-yil 10-avgustda, hamkorlar “Alphabet” xoldingini ta’sis etganlari bilan boshlandi. Sergey Brin prezidentlik lavozimiga tayinlandi, Larri Peyj esa yangi tashkilotning bosh direktori vazifasini o‘z zimmasiga oldi.
Foto: Habr
“Google” to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Alphabet"ning sho‘ba korxonasiga aylandi. Xolding tarkibiga, shuningdek, kontekstli reklama xizmati, “YouTube” video-xostingi, “Android” mobil operatsion tizimi va boshqa loyihalar kiritildi. “Google” qimmatli qog‘ozlari endi “Alphabet"ga tegishli bo‘ldi. Bosh direktor lavozimiga hamkorlar Sundar Pichaini tayinlashdi. Bu keng ko‘lamli qayta tashkil etishning yakuniy nuqtasi bo‘ldi.
2024-yil oktabr oyiga ko‘ra, xoldingning kapitallashuvi $2 trlndan oshib ketgan. Quyida “Google"ning 2002−2024-yilgacha bo‘lgan yillik aylanmasi aks etgan:
Foto: Statistika