Olmazor tumanida gastronomik va turistik ko‘chalar majmuasini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Oltita hududdan iborat zanjirsimon reja tuman ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan. Tuman hokimi Azizxon Umarxonov mahallalarda aholi bandligini ta’minlash orqali aholi daromadlarini ko‘paytirishga bag‘ishlangan seminarda ushbu rejani taqdim etdi.
Taqdimot slaydlariga ko‘ra, majmua eski shaharning Chorsu bozoridan shimol va shimoli-g‘arb tomonida joylashtiriladi. Loyiha 17 ta ko‘cha, 32 ta tor ko‘cha va boshi berk ko‘chani o‘z ichiga oladi hamda uning umumiy uzunligi 7,3 kilometrni tashkil etadi.
Loyiha bilan qamrab olinadigan hududlar 6 ta lotga bo‘linadi:
- Zarqaynar va Qorasaroy ko‘chalari oralig‘ida (shu jumladan, loyihaning tajriba bosqichi zonasi);
- Qorasaroy ko‘chasi bo‘ylab sharqiy tomondan (Islom sivilizatsiyasi markazi qarshisida);
- Mahalliy ko‘chasi bo‘ylab Zarqaynar 9 va 14-berk ko‘chalari, Olcha 3-berk ko‘chasi, shuningdek Abu Bakr Shoshiy ko‘chasi bo‘ylab (MIMdan g‘arbda);
- Uylanish va Tarix ko‘chalari bo‘ylab, Kalkauz kanali bo‘ylab;
- Ko‘kzor va 18-Sag‘bon berk ko‘chalari bo‘ylab, Kalkauz kanali bo‘ylab (Sag‘bon ko‘chasidan g‘arbda);
- Nurafshon, Forobiy ko‘chalari, Forobiy va Ohakchi tor ko‘chalari oralig‘ida.
Loyihaga 430 ga yaqin xonadonni ulash rejalashtirilmoqda. Hududlar va ularning infratuzilmasini rivojlantirish uchun kiritilayotgan investitsiyalar hajmi taxminan $50 mlnni tashkil etadi.
Tumanda kunlik sayyohlar oqimi qariyb 3 barobarga oshib, 11 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar bu yerda o‘rtacha 4 soatgacha vaqt o‘tkazadilar (hozir — 20 daqiqa).
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi majmuada bir kishining xarajatlari $90ni tashkil etadi yoki hozirgi xarajatlardan 4,5 baravar ko‘p bo‘ladi. Bu esa kunlik umumiy tushumni $1 mlngacha oshirishni anglatadi. Soliq tushumlari 15 barobarga ko‘payib, $30 mlrd so‘mga yetadi.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
2024-yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi.
“Spot” Mirobod tumani hokimligi bilan ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi. Shundan keyin, 10-oktabrga kelib, mazkur ko‘chaning birinchi bosqich ishlari yakunlandi.
Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi. Sergeli tumanining So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida “gastronomik” ko‘cha joylashadi. Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida ham “gastronomik” ko‘cha barpo etiladi.
Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.
Avvalroq Yangihayot tumanida savdo-ko‘ngilochar bulvari yaratilishi haqida xabar berilgandi. Hudud gastronomik, sport, savdo hamda bolalar ko‘ngilochar hududlarini o‘z ichiga oladi.