AQSh va Kanadaning bir guruh olimlari ruhiy salomatlikni yaxshilash, diqqatni jamlash, shuningdek, stress darajasini pasaytirishning hayratlanarli darajada oson usulini topdilar.

Bu toza havoda sayr qilish emas. Shunchaki telefondagi internetni bir-ikki hafta o‘chirish kerak.

“Gadjetlar bizning ishonchli yordamchilarimizga aylanib, ularsiz o‘zimizni qo‘lsiz his qilamiz: ular bizga dunyo bilan aloqada bo‘lish, kundalik ishlarni boshqarish va hatto dam olish imkoniyatini beradi”, deyiladi xabarda.

Biroq, ulardan tez-tez foydalanish achinarli oqibatlarga olib keladi: ko‘rish qobiliyatining pasayishi va uyqu buzilishi kabi jismoniy salomatlik muammolaridan tashqari, bu xavotirlanish, hayotdan qoniqmaslik, tushkunlik va ijtimoiy yakkalanishning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Uzluksiz axborot oqimi va doimo onlayn bo‘lish zarurati to‘xtab, dam olish qiyin bo‘lgan muttasil poygada yurish hissini uyg‘otadi. Ammo aynan shu narsa bizning ruhiy salomatligimiz uchun zarur.

“PNAS Nexus” jurnalida chop etilgan tadqiqotda aytilishicha, internetdan vaqtincha voz kechish ruhiy salomatlikni yaxshilashga yordam beradi. Shu bilan birga, bunday yondashuvning ta’siri odatda antidepressantlardan foydalanganda kuzatiladigan natijalardan ustundir.

Amerikalik va kanadalik olimlar tajribada ishtirok etish uchun o‘rtacha yoshi 32 bo‘lgan 467 nafar iPhone foydalanuvchisini tanlab olishdi.

Ulardan internetni mustaqil ravishda o‘chirishni so‘rash va respondentlarning irodasiga umid qilish o‘rniga, tadqiqotchilar ularning har biriga mobil internetni bloklaydigan, shu bilan birga qo‘ng‘iroq qilish va matnli xabarlar yuborish imkonini beradigan ilova o‘rnatdilar.

Ya’ni telefonning foto va videoga olish, qo‘ng‘iroq qilish va SMS kabi asosiy funksiyalaridan foydalanishga ruxsat berilgan, lekin ijtimoiy tarmoqlar lentasini cheksiz aylantirishga ruxsat berilmagan.

Tajriba boshlanish paytida ishtirokchilar kuniga o‘rtacha 5 soatlarini telefon bilan o‘tkazishardi. Bundan tashqari, ular maxsus so‘rovnomani to‘ldirishdi, bu esa mutaxassislarga ularning ruhiy holatini baholash imkonini berdi.

Internetdan voz kechishning natijasi hayratlanarli bo‘ldi: ikki haftadan so‘ng, deyarli barcha ko‘ngillilar o‘zlarini ancha baxtliroq va hayotlaridan ko‘proq mamnun his qila boshlaganliklarini ta’kidladilar.

Bundan tashqari, ular e’tibor testlarini muvaffaqiyatli topshirib, o‘n yil davomida yo‘qotilgan bilish qobiliyatlarini tiklash bilan taqqoslanadigan natijalarni namoyish etdilar. Shu bilan birga, ularning ekranda o‘tkazadigan vaqti o‘rtacha besh soatdan uch soatgacha qisqardi.

Tasmani doimiy ravishda aylantirish va ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan tadqiqot ishtirokchilari yaqinlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, sport bilan shug‘ullanish va sayr qilish, ya’ni ma’naviy holat va kognitiv funksiyalarni yaxshilashga yordam beradigan mashg‘ulotlarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bundan tashqari, ular uzoqroq uxlay boshladilar: ularning uyqusi o‘rtacha 17 daqiqaga uzaygan.