Behzod Hamrayev prezident huzuridagi Statistika agentligi direktori lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
Boshqa lavozimga o‘tishi munosabati bilan Hamrayev prezident farmoniga ko‘ra Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Hamrayev Statistika agentligi direktori lavozimiga 2017-yil may oyidan buyon Davlat statistika qo‘mitasiga rahbarlik qilib kelgan, 2022-yil dekabridan esa qayta tashkil etilgan Statistika agentligiga rahbarlik qilgan Bahodir Begalov o‘rniga tayinlandi.
Behzod Hamrayev 1983-yilda Buxoro viloyatida tavallud topgan. U 2006-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistratura bosqichini, 2016-yilda esa Yaponiyaning Milliy siyosiy fanlar institutini tamomlagan. Hamrayev ekonometrika va statistika yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasiga ega.
Mehnat faoliyatini Iqtisodiyot vazirligida boshlab, 2008-yildan Markaziy bankka ishga o‘tgan. 2020-yil yanvarigacha Hamrayev Pul-kredit siyosati departamentiga rahbarlik qilgan, so‘ngra rais o‘rinbosari bo‘lgan va pul-kredit siyosati, monetar operatsiyalar, statistika va tadqiqotlar yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni nazorat qilgan.
Avvalroq “Spot” Ulug‘bek Tavakkalov “Kapitalbank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Markaziy bank bilan kelishilgandan so‘ng, Tavakkalov bankning chakana yo‘nalishini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.