“Bybit” kriptovalyuta birjasi xakerlik hujumidan jabr ko‘rdi, deya xabar berdi kompaniya “X” ijtimoiy tarmog‘ida.

“Reuters” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, natijada bitta “Ethereum” sovuq hamyonidan $1,5 mlrdlik mablag‘ noma’lum manzilga o‘tkazilgan.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, boshqa hamyonlarga zarar yetmagan va mijozlarning mablag‘lari himoyalangan, o‘g‘irlangan narsalarni qaytarib olishning iloji bo‘lmasa ham, barcha yo‘qotishlar sug‘urta orqali qoplanadi.

“Shaffoflik va xavfsizlik bizning asosiy ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qoladi,” — deyiladi “Bybit” bayonotida.

Shu bilan birga, “Bybit” asoschisi Ben Chjouning qayd etishicha, platformaga ruxsatsiz kirishdan so‘ng mablag‘larning “ommaviy yechib olish"lari kuzatilgan.

Tadbirkorning aytishicha, ushbu hodisani kompaniyaning o‘z xavfsizlik xodimlari hamda blokcheyn kriminalistikasi bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tekshirmoqda.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, “Bybit” kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 60 mlndan ortiq foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatmoqda va bitkoin hamda Ethereum kabi turli xil kriptovalyutalarga kirish imkoniyatini taqdim etmoqda.

22-fevral kuni “ByBit” kriptobirjasi xizmatni buzib kirgan va undan pul o‘g‘irlagan xakerlarni qo‘lga olishga yordam berishga chaqirdi.

Aniqlik kiritilishicha, jinoyatchilarni qo‘lga olishga hissa qo‘shgan shaxsga uning yordami bilan qayta tiklanishi mumkin bo‘lgan summaning 10%i to‘lanadi — mukofot $140 mlngacha yetishi mumkin.

Kriptobirja shaffoflikni va blokcheyn texnologiyalaridan ezgu maqsadlarda foydalanishni qadrlaydigan ekanligini ta’kidlaydi.

“Hodisadan keyingi 24 soat ichida sohaning eng yaxshi kishilari va tashkilotlarining qo‘llab-quvvatlashi bizni lol qoldirdi va biz buni oddiy hol deb hisoblamaymiz. Biz kriptovalyuta tarixining qora kunlarini boshdan kechirdik va yovuz niyatli kimsalardan ustun ekanligimizni isbotladik,” — dedi kriptobirja bosh direktori Ben Chjou.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda “Binance” kripto-birjasi rasman ish boshlagani haqida yozgandi.

“Coinpay” bilan hamkorlikdagi platformada milliy valyutada bank kartalari orqali operatsiyalarni amalga oshirish mumkin.