Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonga yengil avtomobillar, jumladan, elektromobillar importi keskin pasaydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
O‘tgan oyda mamlakatga xorijdan $31,01 mlnlik 1 796 dona yengil avtomobil olib kelindi. Ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan qiymat jihatidan ($221,43 mln) 7,14 barobarga, miqdor jihatidan esa 5,65 barobarga kamaygan.
Jami 1 159 ta benzinli yengil avtomobil import qilingan bo‘lib, bu miqdor jihatidan 85% dan ortiqqa pasayishni ko‘rsatdi. Pul ifodasida uning hajmi $157,44 mlndan $21,65 mlngacha yoki 7,27 baravarga qisqardi.
Elektromobillarning olib kirilishi yarmidan kamroqqa — 1 584 donadan 613 donagacha pasaydi. Qiymat jihatidan bu 80% ga yoki $44,24 mlndan $8,4 mlngacha tushdi.
Eng yuqori pasayish gibrid avtomobillar importida kuzatilgan — 31,2 barobar (750 donadan 24 donagacha). Benzin va elektr yuritmali gibrid avtomobillar qiymati $950,5 ming (-93%) ga teng bo‘ldi.
Shuningdek, yanvar oyida mamlakatga dizel dvigatelli avtomobillar import qilinmagan. O‘tgan yilning bu davrida $4,27 mlnlik 8 dona dizelli yengil avtomobillar yetkazib berilgandi.
2024-yilda O‘zbekistonga tarixda birinchi marta elektromobillar va gibrid avtomobillar importi benzinli avtomobillardan oshib ketdi. Benzinli avtomobillarning importdagi ulushi 64,4% dan 44,2% ga kamaydi. Shu bilan birga, yetkazib berilgan elektromobillar ulushi 20% dan 32,3% ga, gibrid avtomobillarniki esa 15,3% dan 23,4% ga oshdi.
Shu bilan birga, o‘tgan yili umumiy qiymati $1,28 mlrdlik 74,7 ming dona yengil avtomobillar, shu jumladan, elektromobillar olib kelindi. 2023-yilga nisbatan import hajmi qiymat jihatidan 33,2%ga, miqdor jihatidan esa 7%ga pasaydi. Elektromobillar hajmi 24,09 mingdan ortiqni tashkil etdi.
Noyabr oyidan import avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirilib, ular bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda sinovdan o‘tkazila boshlandi.
Avvalroq mamlakatda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshirilishi haqida xabar berilgandi. Iqtisodchilarning fikricha, bu notarif cheklovlarga qo‘shimcha ravishda joriy etilayotgan boj to‘lovi bo‘lib, Jahon savdo tashkiloti tamoyillariga ziddir.