Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “City Pay Gate” qo‘shma korxonasiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati uchun ikkita litsenziya berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik direktorining joriy yilning 20-fevralidagi tegishli buyruqlari bilan kompaniya O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi to‘rtinchi kripto-depozitariy hamda o‘ninchi kripto-do‘konga aylandi.
Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “City Pay Gate” 2024-yilning sentabr oyida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida tashkil etilgan. Ustav fondi — 6,51 mlrd so‘m.
Kompaniyaning 45% ulushiga “Paynet” egalik qiladi, yana 45%i Litvaning “UAB City Pay” kompaniyasiga, qolgan 10%i esa Koberidze Davidga tegishli. Uning rahbari Hatipoglu Eralp hisoblanadi.
O‘tgan yilning bahorida ILMA kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshiruvchi “Japan DXT” kompaniyasiga litsenziya bergandi. Ungacha “Lockton Hub” va “Paynet Crypto” kompaniyalari mazkur faoliyat uchun tegishli hujjatni olgan.
Dekabr oyida agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgiladi. Bojlar miqdori litsenziya rasmiylashtirish vaqtida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorlarida hisoblanadi.
Bunda har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi miqdorlar undiriladi:
- mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
- kripto-do‘kon — BHMning 3 700 baravari (1,387 mlrd so‘m);
- kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
- kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).
ILMA boj miqdori va uni to‘lash tartibi jahon tajribasi hamda sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar tavsiyalari asosida belgilangani qayd etdi. Shuningdek, bu mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lishi nazarda tutilgan.
Joriy yil boshida kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan buxorolik 17 yoshli yigit ishi yopilgandi.