Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda ittfoq rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, sanksiyalar Rossiyaning bank sohasi, yashirin flot, mudofaa sektori va energetikaga ta’sir ko‘rsatadi.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining 16-paketiga quyidagilar kiritilgan:
- 48 nafar jismoniy va 35 nafar yuridik shaxsga nisbatan cheklovlar;
- “yashirin flot"dan 74 ta tankerga nisbatan sanksiyalar;
- Rossiyaning 13 ta mintaqaviy banklarini “SWIFT"dan uzish;
- sakkizta ommaviy axborot vositasini efirga uzatish uchun litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turish;
- Rossiya va boshqa mamlakatlarning 53 ta kompaniyasiga ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalarni taqdim etish bo‘yicha kuchaytirilgan cheklovlar;
- ittifoq hududida Rossiyadan neft va neft mahsulotlarini vaqtincha saqlashni taqiqlash;
- “Vostok Oil"ga ta’sir qiladigan neft qazib olish va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalarga nisbatan cheklovlarni kengaytirish;
- Rossiyadagi ayrim portlar va aeroportlar bilan tranzaksiyalarni taqiqlash;
- Rossiya Markaziy bankining moliyaviy xabarlarni uzatish tizimidan foydalanuvchi rossiyalik bo‘lmagan moliyaviy tashkilotlarga qarshi cheklovlar;
- Rossiyadan birlamchi alyuminiy importiga qo‘shimcha cheklovlar.
Yevropa Ittifoqi birinchi marta Rossiyadan tashqaridagi moliyaviy tashkilotlarning Rossiya moliyaviy xabarlarni uzatish tizimidan (SPFS) foydalanishiga taqiq qo‘ydi.
Bu tizim Rossiya Markaziy banki tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun yaratilgan “SWIFT” tizimining muqobilidir. Bundan tashqari, moliyaviy xabarlar almashish bo‘yicha maxsus xizmatlar ko‘rsatishga qo‘yilgan taqiq yana 13 ta mintaqaviy bankka ham tatbiq etildi.
“Kengash Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazadigan yoki tahdid soladigan harakatlar uchun javobgar bo‘lgan 48 nafar shaxs va 35 ta tashkilotni o‘z ichiga olgan 83 ta sanksiya ro‘yxatidan iborat katta to‘plamni ma’qulladi. Bundan tashqari, Kengash Yevropa Ittifoqiga Putinning yashirin dengiz floti kemalariga egalik qiluvchi yoki ulardan foydalanuvchi shaxslar va tashkilotlarga, shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlovchi yoki undan manfaat ko‘ruvchilarga nisbatan cheklov choralarini qo‘llash imkonini beradigan ikkita yangi mezon belgiladi”, — deyiladi YI bayonotida.
Ittifoq “Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushida harbiy-sanoat majmuasini bevosita qo‘llab-quvvatlovchi” tashkilotlar ro‘yxatiga 53 ta yangi tashkilotni kiritdi. Endi bu tashkilotlar qattiq eksport cheklovlariga duch keladi.
Ushbu tashkilotlarning uchdan biri Rossiyaga tegishli, qolganlari esa uchinchi mamlakatlarda (Xitoydan 25 ta, jumladan, Gonkong, Hindistondan 2, Qozog‘istondan 2, BAAdan 2, O‘zbekistondan 1, Turkiyadan 1 va Singapurdan 1 ta) joylashgan.
O‘zbekiston kompaniyalaridan “Uzstanex” sanksiyalar paketiga kiritildi, unga qarshi 2024-yil kuzida AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalar joriy etgan edi. Shuningdek, Qozog‘istonning “MetallStan” va “Kazstanex” kompaniyalari sanksiyalari ostida qoldi.
Qayd etilishicha, ular savdo cheklovlarini chetlab o‘tish yoki Rossiyaning harbiy operatsiyalarida foydalaniladigan uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalar uchun zarur bo‘lgan strategik ahamiyatga ega tovarlarni sotib olish bilan shug‘ullangan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga 74 ta yangi kema qo‘shilishi natijasida, to‘sib qo‘yilgan kemalar soni 153 taga yetdi.
Agar Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarning tankerlari Rossiya nefti, harbiy texnika yoki o‘g‘irlangan Ukraina donini tashish bilan bog‘liq bo‘lsa, ularga ham cheklovlar joriy etiladi.
Rossiyaga yetkazib berish taqiqlangan tovarlar ro‘yxati yanada kengaytirildi — unga uchuvchisiz uchuvchi apparatlarni boshqarish uchun o‘yin kontrollerlari, kimyoviy prekursorlar, harbiy texnika uchun ehtiyot qismlar va raqamli dasturiy boshqaruv stanoklar uchun dasturiy ta’minot kiritildi.
Yevropa Ittifoqi neft va gaz qidirish texnologiyalarini yetkazib berishga qo‘shimcha taqiqlar joriy etdi va Rossiya kompaniyalarining ittifoq hududida yuk tashishini chekladi hamda Rossiya aviakompaniyalarining aviatsiya mahsulotlari va xizmatlaridan foydalanishini to‘sib qo‘ydi.
Bundan tashqari, Kengash Rossiyaning sakkizta ommaviy axborot vositasi, jumladan, Lenta, NewsFront, RuBaltic va Tvzvezda kabi nashrlarga efirga chiqish litsenziyalarini to‘xtatib qo‘ydi.
Rossiya nashrlari va telekanallarini targ‘ibot tarqatishda, Yevropa Ittifoqi va qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatni beqarorlashtirish harakatlarida ayblamoqdalar.
Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Utair” aviakompaniyasi va “PIK” quruvchi kompaniyasi Yevropa Ittifoqining 15-sanksiyalar paketiga kirgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, 30ta kompaniya va 54ta jismoniy shaxs, jumladan, Xitoy va KXDRning to‘qqiz nafar fuqarosi va kompaniyalari cheklovlarga uchradi.