Avvalroq, prezident yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzolagani haqida xabar berilgandi. Yangi qonun bilan ayrim qoidabuzarliklar uchun jarimalar qayta ko‘rib chiqildi.

Xususan, mast holda avtotransport vositasini boshqarganlik uchun jarima miqdori amaldagi BHMning 25 baravari (9,375 mln so‘m) o‘rniga BHMning 40 baravari (15 mln so‘m) gacha oshiriladi. Avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilish muddati 3 yilni tashkil etadi (amalda 1,5 yildan 3 yilgacha).

Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan haydovchilardan BHMning 15 baravari (5,625 mln so‘m) o‘rniga BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) undirilib, boshqarish huquqidan uch yilga mahrum qilinadi. Mastlik holatida bo‘lgan shaxsga transport vositasini boshqarishni bila turib topshirganlik uchun 2−3 yilga huquqdan mahrum qilish bilan birga, yuqoridagi miqdorlarga jarima belgilanadi.

Haydovchilik guvohnomasisiz transport vositasini boshqarganlik uchun BHMning 50 baravari (18,75 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutka qamoq jazosi belgilanishi mumkin. Xuddi shunday jazo haydovchilik guvohnomasisiz mast holda transport vositasini boshqarish, haydovchilik guvohnomasisiz avtomobilni ko‘rikdan o‘tkazishdan bosh tortish yoki mast holda transport vositasini boshqarishni takroran boshqa shaxsga o‘tkazish uchun ham ko‘zda tutilgan.

Tegishli tonirovka ruxsatnomasi yoki import avtotransport vositasi uchun bojxona hujjatlarining mavjud emasligi hamda amal qilish muddati tugagan bojxona hujjatlari bilan harakatlanish hujjatlarsiz harakatlanishga tenglashtiriladi va BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.

Agar haydovchi ketma-ket bir necha marta ichki ishlar organlari xodimlarining avtomobilni to‘xtatish talabiga bo‘ysunmasa, unga BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) miqdorida jarima solinib, 1 yilga huquqdan mahrum qilinadi.

Yo‘llarga shikast yetkazish va ularni saqlash qoidalarini buzganlik uchun jarima fuqarolar uchun BHMning 5 baravarigacha (1875 mln so‘m) va mansabdor shaxslar uchun BHMning 20 baravarigacha (7,5 mln so‘m) oshiriladi. Yo‘llarda olib borilgan qurilish-qazish ishlaridan so‘ng yo‘l infratuzilmasini oldingi holatiga keltirmagan shaxslar ham ushbu toifaga kiradi.

Bundan tashqari, to‘siqlar, vaqtinchalik yo‘l belgilari va svetoforlarni o‘rnatmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu holatda, shuningdek, yo‘l belgilarini o‘rnatish qoidalarini buzganlik uchun jarima BHMning 25 baravariga teng bo‘ladi.

Shuningdek, qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto yoki videosini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Buning uchun BHMning 20 baravaridan 50 baravarigacha (7,5−18,75 mln so‘m) jarima yoki 10 sutkagacha qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Avvalroq qanday qoidabuzarliklar uchun haydovchilarga jarima ballari belgilanishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, odam tashish qoidalarini buzganlar 750 ming so‘m, tezlikni soatiga 60 kmdan ortiqqa oshirganlar esa 5,6 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortiladi.