Prezidentning 21-fevral kuni qabul qilingan farmoni bilan 2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Unga ko‘ra, hududlarda jami 8,1 mln kv.metrdan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga 20,9 trln so‘m ipoteka kreditlarini ajratish belgilanmoqda.
Shu bilan birga, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplashga ajratiladigan subsidiyalar soni 1,5 baravarga oshiriladi. Buning uchun budjetdan 2,5 trln so‘m yo‘naltiriladi.
“Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun budjetdan 700 mlrd so‘m hamda banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan 3 trln so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratiladi.
1-martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillari asosida tanlanadi. 1-maydan mazkur massivlarni barpo etish doirasida yangi tartib o‘rnatiladi.
Xususan, yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni sotishga faqat QQSni to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.
Yerlarni ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi.
Auksionda yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida bu yer bo‘yicha soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
2025-yilning 1-martidan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan ko‘pi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
Yanvar oyida prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2022-yildan buyon jismoniy shaxslar ko‘p qavatli uy qurish uchun auksiondan 47 gektar yer sotib olgani, biroq ayrimlarida qurilish boshlanmagani qayd etilgandi.