Avvalroq prezident farmoni bilan uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan 2025-yilning 1-mayidan qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan jarayonlar to‘liq onlayn rejimda “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi.

Qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, hamda davlat yong‘in nazorati organlaridan xulosa olinadi.

Inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tgan va u tomonidan nazorat qilinadigan ko‘p kvartirali uy-joylarni foydalanishga ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish bekor qilinadi.

Joriy yilning 1-martidan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning yangi tartibi joriy etiladi. Xususan, renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi

Mulkdorlar o‘z xohishi bilan kompensatsiya turlaridan birini tanlashi mumkin. Ya’ni ular buzilayotgan turarjoylar o‘rniga renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan, bir xil maydonga ega turarjoylardan tayyor kvartiralarni mulk huquqi asosida olishi hamda qurilish davrida ko‘chib o‘tishi, shu jumladan, boshqa obyektni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplashi mumkin.

Yoki mulkdorlarga buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymati to‘liq qoplab beriladi, yoki renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiya taqdim etiladi.

2024-yilning dekabrida Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlangandi. Hujjatda poytaxtning qaysi hududlarida rekonstruksiya yoki renovatsiya ishlari rejalashtirilganligi ko‘rsatilgan.