Avvalroq prezident farmoni bilan uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, joriy yilning 3-martidan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida arizalarni 3-mart kuni soat 09:00 da boshlab jo‘natish mumkin.

Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirish mumkin. Bunda ariza beruvchi xohishi bilan uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlari kiritilishi mumkin.

Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (3,11 mln — 9,24 mln so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7−9,2 baravari (3,11 mln so‘m — 10,62 mln so‘m).

Subsidiya nima beradi?

Subsidiya uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismi budjetdan qoplanishini nazarda tutadi.

Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilanmoqda. Kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 2025-yilgi dastur doirasida Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.

Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga qat’iy belgilangan 30 mln so‘m ajratiladi.

Ariza qanday jo‘natiladi?

Ipoteka subsidiyasi uchun arizalarni Davlat xizmatlari markazlariga bevosita borgan holda yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali mustaqil ravishda onlayn jo‘natish mumkin.

Onlayn ariza topshirishda portalga kirgach, qidiruv tizimiga “ipoteka krediti” kalit so‘zlarini kiritish zarur. Undan so‘ng kerakli sahifa paydo bo‘ladi hamda “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali jarayon boshlanadi.

Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjat talab etilmaydi va arizachi haqidagi ma’lumotlar portalda avtomatik ravishda shakllanadi.

Birinchi qadamda ariza yuboruvchi tanlanadi. Agar nomzod o‘z nomidan ariza topshirmoqchi bo‘lsa, “arizachining o‘zi” toifasini tanlashi kerak.

“Spot” subsidiya uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.

Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.