Aholi va tadbirkorlar uchun bino va inshootlarni qurishni loyihalashga onlayn ruxsat olish imkoniyati yaratildi.
Yagona portal orqali eksperiment tarzida obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish ruxsatnomasi va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olish uchun elektron davlat xizmati joriy etildi. Undan hozirda Toshkent shahri aholisi foydalanishi mumkin.
Eksperiment 2025-yil oxirigacha olib boriladi. Muvaffaqiyatli yakunlangandan keyin, kompozit xizmatni mamlakat bo‘ylab joriy etish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritiladi. Yangi tartib qurilish sohasini “takomillashtirishga xizmat qilishi” qayd etildi.
Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatishning umumiy muddati 20 ish kunidan 12 ish kuniga, arizalarni ko‘rib chiqish bosqichlari esa 11 tadan 7 taga qisqartirildi.
Onlayn ariza jo‘natishda obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun quyidagi hujjatlardan biri ilova qilinishi kerak:
- Turar joyga birgalikda egalik qiluvchilarning notarial tasdiqlangan yozma roziligi (agar mavjud bo‘lsa);
- Ko‘chmas mulk taqiq, xatlov yoki garovga (ipotekaga) qo‘yilgan bo‘lsa, vakolatli organning rozilik xati.
Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini olishda esa quyidagilardan biri kiritiladi:
- obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish ruxsatnomasi;
- “E-auksion” savdo maydonchasida o‘tkazilgan auksion natijalari haqidagi bayonnoma;
- manzilli dasturga kiritilgan obyektlar loyihasini amalga oshirish uchun hukumat yoki mahalliy hokimiyat qarori;
- obyekt qurilishi yangi yer uchastkasida rejalashtirilayotganda uni ajratish haqidagi tegishli shahar va tuman hokimining qarori;
- texnik shartlar (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ehtiyoji bo‘lganda).
Xizmat ko‘rsatishda undiriladigan yig‘im miqdori BHMning 1,5 baravaridan 0,5 baravari (187 500 so‘m) ga kamaytirildi. Yagona portal orqali ariza berganda BHMning 0,45%i (168 750 so‘m) miqdorida yig‘im olinadi.
Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish qiymati quyidagicha:
- obyektlarni yangi qurilishi uchun (yangidan ajratilgan yoki auksionda yutib olingan yerda) — BHMning 4 baravari (1,5 mln so‘m);
- obyektlar ixtisoslashishini o‘zgartirish bilan qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishga — BHMning 3,5 baravari (1,312 mln so‘m);
- ikki qavatdan yuqori, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kv.metrdan ortiq yakka tartibdagi uy-joylarga — BHMning 1 baravari)375 000 so‘m).
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Avvalroq avtomobilga gaz ballon o‘rnatish uchun ruxsatnomani onlayn olish imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi.