SMS-xabarnoma xizmati narxi 2 baravarga oshiriladi
SMS-xabarnoma xizmatlarini taqdim etuvchi “Play Mobile” kompaniyasi “Uzcard” milliy to‘lov tizimidan kiruvchi xabarlar uchun tariflarni oshiradi.
Unga ko‘ra, 1-martdan “Beeline”, “Humans”, “Perfectum”, “Ucell”, “Mobiuz” va “UzMobile” operatorlari mijozlari uchun 5800 raqamidan yuborilgan har bir SMS narxi ikki baravarga — 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga oshadi.
“Uzcard"ga qarashli “Plum Technologies” to‘lov tashkiloti ham “CardXabar” “Telegram"-boti xabardor qilish xizmatlari narxini oshiradi.
Mazkur xizmat uchun amalda oyiga 1000 so‘mdan to‘lov olinsa, 1-martdan xabarlar limitidan kelib chiqib, turli paketlar joriy etiladi: eng arzon paket — “Start” (250 tagacha SMS-xabar) 5 ming so‘m, eng qimmat “Infinite” tarifi esa (20 mingdan boshlab SMS-xabarlar) 500 ming so‘mni tashkil etadi.
Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli boshlanadi
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida arizalarni 3-mart kuni soat 09:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali jo‘natish mumkin.
Bunda ariza beruvchi xohishi bilan uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlari kiritilishi mumkin. Arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (3,11 mln — 9,24 mln so‘m);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7−9,2 baravari (3,11 mln so‘m — 10,62 mln so‘m).
Subsidiya uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismi budjetdan qoplanishini nazarda tutadi.
Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilanmoqda. Kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 2025-yilgi dastur doirasida Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.
Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga qat’iy belgilangan 30 mln so‘m ajratiladi.
Renovatsiya asosida ko‘p qavatli uy-joylar qurishning yangi tartibi joriy etiladi
Endi renovatsiyani boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.
Mulkdorlar o‘z xohishi bilan kompensatsiya turlaridan birini tanlashi mumkin. Ya’ni ular buzilayotgan turarjoylar o‘rniga renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan, bir xil maydonga ega turarjoylardan tayyor kvartiralarni mulk huquqi asosida olishi hamda qurilish davrida ko‘chib o‘tishi, shu jumladan, boshqa obyektni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplashi mumkin.
Yoki mulkdorlarga buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymati to‘liq qoplab beriladi, yoki renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiya taqdim etiladi.
Pensiyalar hech qanday hujjatlarsiz avtomatik tayinlanadi
60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga yoshga doir pensiyani ularning murojaatisiz bir kunda proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi.
Bunda fuqaroning ish staji, ish haqi (to‘langan ijtimoiy soliq summasi) va oila tarkibi (turmush o‘rtog‘i va farzandlari) kabi ma’lumotlari vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan olinadi.
Amalda fuqarolar pensiya yoshiga yetgach, pensiya tayinlashni so‘rab Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona portali orqali murojaat qilishlari kerak. Yangi tartib bilan esa qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish hamda jamg‘armaning hududiy bo‘limiga murojaat qilish talab etilmaydi.
Shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, mehnat faoliyatini davom ettirish istagini bildirsa, proaktiv shaklda tayinlanadigan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish belgilanmoqda.
Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Davlat-xususiy sheriklik asosida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzgi parvarish qilish xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Bunda xizmat 1-martdan tajriba tariqasida Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida, 1-oktabrgacha esa barcha hududlarda yo‘lga qo‘yiladi.
Uning doirasida nogironligi bo‘lgan bolalar ularning ota-onalari yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar va “Inson” markazlari o‘rtasida ijtimoiy shartnoma, shuningdek, Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan berilgan xulosa asosida qabul qilinadi.
Xizmatni tashkil etuvchi tadbirkorlarga har bir kun uchun subsidiya beriladi. Uning miqdori 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun BHMning 25%i (93 750 so‘m), 7−18 yosh uchun esa BHMning 27%ini (101 250 so‘m) tashkil etadi.
Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdoriga 1,1 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi: 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bola uchun — 103 125 so‘m, 7−18 yosh uchun — 111 375 so‘m.
Sotilmayotgan davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi
6 oy davomida sotilmagan 10 ming kv.metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. Ijara to‘lovi to‘rt yil davomida vaqtida to‘lansa, joy ularga xususiylashtirib beriladi.
Yoshlarni IT va chet tiliga o‘qitib, xalqaro tan olingan sertifikat beradigan tadbirkorlar esa birinchi yil ijara to‘lamasligi belgilandi. Joriy yil har bir viloyatda 5 tadan davlat obyektini tadbirkorlarga ijaraga berib, kamida 100 ming yoshlarni IT va chet tiliga o‘qitish zarurligi ta’kidlandi.
11 ta davlat xizmati xususiy sektorga o‘tkaziladi
Davlat rahbari mutasaddilarga joriy yilning 1-martigacha 11 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini ko‘rishni topshirgan.
Har bir vazirlik o‘z tizimidagi qaysi xizmatni xususiy sektorga, jumladan autsorsingga berish va yangi xizmatlarni joriy qilish mumkinligi bo‘yicha taklif tayyorlashi kerak. Bunga Raqobat qo‘mitasi mas’ul bo‘ladi.
Masalan, Davaktiv agentligi rieltor va baholovchini imtihondan o‘tkazish, toifa berishni, Turizm qo‘mitasi gidlarga malaka sertifikati berish xizmatini, Agrosanoat inspeksiyasi esa qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalarni majburiy ko‘rikdan o‘tkazishni xususiy sektorga berishi mumkinligi ta’kidlandi.
Yangi traktor va kombaynlardan GPS-trekersiz foydalanish taqiqlanadi
Xususan, prezidentning tegishli qarori bilan imtiyozlar orqali xarid qilingan, shu jumladan, mamlakatda ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi traktor va kombaynlarga GPS qurilmasini o‘rnatmasdan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va foydalanish taqiqlanishi belgilangan.
Ayrim fuqarolarga farzandlarining bog‘cha xarajatlari uchun moddiy yordam beriladi
Yolg‘iz ona yoki otaga bir nafar farzandi uchun bolalari 3 yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishga BHMning 1,5 baravari ya’ni 562 ming so‘mgacha miqdorda moddiy yordam beriladi. Bunda mablag‘lar egizaklarning har biri uchun taqdim etiladi.
Mehnat inspeksiyasi kameral nazorat o‘tkazishni boshlaydi
Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari mansabdor shaxslariga kameral nazorat o‘tkazish vakolati beriladi.
Ular mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganligini nazorat qiladi.
Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi ta’minlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi.
Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida yangi tajriba joriy etiladi
“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida tashkil etilgan kasbiy ko‘nikmalar markazlarida amaliy kasbiy ko‘nikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajriba joriy etiladi.
2026-yilgacha kasbiy ko‘nikmalar markazlarini xalqaro baholash tashkilotlarining akkreditatsiyasidan o‘tkazish orqali ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar (malaka pasportlari) berish yo‘lga qo‘yiladi.
Aholi bandligini ta’minlash jarayonlari onlayn nazoratga olinadi
Prezident qarori bilan aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi hamda maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangan.
Hujjat bilan 1-martdan boshlab aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlari raqamli nazoratga olinadi.
Ayrim bog‘chalar pedagoglari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 1-martgacha yangi ishlab chiqilgan kasbiy standart asosida bog‘chalar pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini takomillashtirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, tajriba-sinov tarzida mamlakatning uzoq va chekka hududlarida joylashgan bog‘chalarning pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi.
Mobil malaka oshirish xizmatlari Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari tomonidan 4 ta auditoriya ko‘rinishidagi avtobuslar negizida tashkil etiladi.
Nodavlat va DXSh asosidagi bog‘chalar pedagoglariga bu xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi. Avtobuslarni jihozlash Jahon banki mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Sud nizolari taraflar kelishuvi bilan tugatilganda bojlar kamaytiriladi
Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, aholi va tadbirkorlarga davlat bojining bir qismi qaytarib beriladi. Bu birinchi instansiya sudi uchun 70%ni, apellyatsiya va kassatsiyada esa 30%ni tashkil etadi.