Afg‘oniston hukumati raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga ikki kunlik tashrifi yakunlari bilan tomonlar turli sohalar bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

22-fevral kuni bosh vazir Abdulla Aripov Abdul G‘ani Barodar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari matbuot xizmatining xabar berishicha, Barodar Qandahorgacha cho‘ziladigan va O‘zbekistonni Eron va Xitoy bilan bog‘laydigan Mozori-Sharif-Hirot temir yo‘li qurilishi loyihasiga investitsiya kiritishni taklif qilgan. Loyiha Toshkentning Janubiy Osiyo mamlakatlari, Eron va Xitoy bilan savdosini kengaytiradi, deya ta’kidladi rasmiy.

Afg‘oniston hukumati raisining o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekistonni ikkinchi Salang tunneli qurilishiga sarmoya kiritishga taklif qilib, ushbu tunnel Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘laydigan asosiy tranzit yo‘nalishi bo‘lib, mintaqaviy savdo va transportda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Delegatsiyani Toshkent aeroportida kutib olgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ikki davlat chegarasida qo‘shma savdo zonasini yaratishga tayyorligini ma’lum qildi. Tijorat zonasida kedr yong‘og‘i va paxtani qayta ishlash zavodlari, qadoqlash va logistika markazlari hamda turli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘linmalari bo‘ladi.

Xo‘jayevning qayd etishicha, o‘zbekistonlik investorlar Afg‘oniston bilan neft va gaz konlarini razvedka qilish va qazib olishda hamkorlik qilishga, sanoat sohasiga, jumladan, Samangan provinsiyasida sement zavodi tashkil etishga investitsiya kiritishga tayyor.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Xo‘jayev “To‘ti-Maydon” gaz koni qidiruv ishlarida “sezilarli yutuqlarga erishilganini” ta’kidladi, u yerda “yaqin vaqt ichida” qazib olish ishlari boshlanishi kutilmoqda.

afg‘oniston, elektr energiyasi, hamkorlik, temir yo‘l

Bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar bir qator takliflarni ilgari surdi:

  • mamlakatlar o‘rtasida bank operatsiyalarini amalga oshirishni osonlashtirish va Afg‘oniston bank sektori sohasida hamkorlik qilish;
  • ikki tomonlama savdoda milliy valyutalardan foydalanish;
  • chegara bojxona tizimlarining ulanishini tezlashtirish;
  • umumiy bozorga tovarlarni tashishda afg‘on savdogarlari uchun logistikani soddalashtirish;
  • afg‘on savdogarlari uchun savdoni litsenziyalashdagi to‘siqlarni bartaraf etish va ular uchun vizalar berishni osonlashtirish;
  • uglevodorodlar va mineral resurslar bo‘yicha bitimlarni amalga oshirish.

Afg‘oniston O‘zbekiston tomonini 500 kVt kuchlanishli elektr uzatish liniyasi va Afg‘oniston-Trans temir yo‘lini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirishga chaqirdi. Ikki tomon texnik qo‘mitalari savdo, tranzit, tog‘-kon sanoatiga sarmoya kiritish, Afg‘onistonda temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish va qurish, bank hamkorligi masalalari bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

23-fevral kuni O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha OAVda chiqish qilgan Abdul G‘ani Barodar qishloq xo‘jaligi, elektr energetikasi, transport, savdo va temir yo‘llarni rivojlantirish kabi sohalarda yutuqlarga erishilganini ma’lum qildi.

500 kVt kuchlanishli elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi qiymati dastlab $252 mlnga baholangan bo‘lsa, O‘zbekiston bilan muzokaralardan so‘ng bu $222 mlngacha kamaytirildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning texnik temir yo‘l brigadalari tez orada Hayratondan Hirotgacha bo‘lgan temir yo‘lni uzaytirish bo‘yicha dastlabki tadqiqotlar o‘tkazish uchun Afg‘onistonga tashrif buyuradi. O‘zbekistonning moliyaviy ko‘magida olib borilayotgan tadqiqotlar yakunlangach, temir yo‘l loyihasini amalga oshirish bosqichi boshlanadi.

Shuningdek, Barodar O‘zbekiston Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashga hamda yozda elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytirishga va kelgusi yilda tariflarni pasaytirishga rozi bo‘lganini qayd etdi.