O‘zbekiston umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrdlik navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini jahon moliya bozorlarida joylashtirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, xalqaro obligatsiyalarni sotib olish uchun so‘m, dollar va yevroda jami $4,2 mlrd miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi. Mablag‘lar budjet taqchilligini moliyalashtirish hamda ipoteka dasturini moliyalashtirish uchun banklarga resurs ajratishga yo‘naltiriladi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan obligatsiyalar dasturi doirasida 500 mln yevro ($525 mln) jalb qilindi. To‘rt yillik “Yashil” obligatsiyalarning foiz stavkasi — 5,1%.

Mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, sanitar tozalash ishlari va boshqa loyihalarga yo‘naltiriladi. Ularning sarflanishi yuzasidan hisobot xalqaro standartlar asosida shakllantirilib, e’lon qilib boriladi.

AQSh dollari va so‘mda $500 mlnlik 7 yilga 6,95% stavkada hamda 6 trln so‘mlik ($463 mln) 3 yilga 15,5% stavkada obligatsiyalar joylashtirildi. Mablag‘lar aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini moliyalashtirish, bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

2024-yilning may oyida mamlakat umumiy qiymati qariyb $1,5 mlrdga teng navbatdagi suveren obligatsiyalarni birinchi marta 3ta valyutada joylashtirgandi.

Joriy yilning fevral oyida o‘tkazilgan Markaziy bank media-muloqotida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori o‘rinbosari Behruz Karimov 2025-yilda suveren yevroobligatsiyalar chiqarish ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, u 2024-yilning uchinchi choragi yakuni bilan O‘zbekistonning yevroobligatsiyalari bo‘yicha qarz qoldig‘i miqdori $4,1 mlrdni tashkil etishini tasdiqladi.