E’tibor qarating: tadqiqot natijalari faqat ma’lumot olish uchun taqdim etilgan.


Sheffild universitetining tadqiqotiga ko‘ra, mashhur “Counter-Strike” o‘yini insonlarning aqliy qobiliyatlarini yaxshilashga yordam berishi mumkin ekan.

Natijalarda qayd etilishicha, video o‘yinining tajribali o‘yinchilari eng yaxshi qaror qabul qilish qobiliyatiga ega va ular tezroq to‘g‘ri qaror qabul qilishadi hamda harakat qilishadi.

Tadqiqot ilk bor o‘yinlarning yangi boshlovchilar va professional kibersportchilarga bo‘lgan bilish jarayonlariga ta’sirini o‘rganadi hamda butun dunyo bo‘ylab 3 mlrddan ortiq kishi shug‘ullanadigan mashg‘ulot haqidagi eski noto‘g‘ri tasavvurlarga qarshi chiqadi.

Qayd etilishicha, natijalar o‘yin sohasidan tashqarida ham foydali bo‘lishi mumkin. Masalan, yuqori bosim sharoitida ishlaydigan shifokorlar, hamshiralar, havo harakati nazoratchilar va moliyaviy treyderlar kabi kasb egalarining kognitiv qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun qo‘llanilishi mumkin. Bu kasblarda tez va aniq qaror qabul qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Eng yuqori mahorat darajasiga ega bo‘lgan o‘yinchilar — yarim professional va professionallar — ikki tanlovli oddiy qaror qabul qilish vazifasida yangi boshlovchilarga nisbatan o‘rtacha 88,94 millisekund tezroq natija ko‘rsatdilar.

Hisoblash modellashtirishi shuni aniqladiki, bu mahorat ustunligi asosan stimulni tezroq kodlash va javobni tezroq bajarish bilan bog‘liq ekan. Murakkab qaror qabul qilish vazifasida tajribali o‘yinchilar dalillarni ham tezroq to‘plashlarini namoyish etdilar.

Bu esa “Counter-Strike” o‘yinchilarining tez o‘zgaruvchan sharoitlarda, tezkor qaror qabul qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan vaziyatlarda, ustunlikka ega ekanliklarini ko‘rsatadi.


Avvalroq “Spot” sun’iy intellekt odamlarning aqliy qobiliyatini pasaytirishi haqidagi tadqiqot natijalarini yozgandi.

Kundalik vazifalarni sun’iy intellektga topshirish orqali inson tanqidiy fikrlash qobiliyatini zaiflashtirib, aqliy qobiliyatlarini pasaytirishi mumkin.