Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 4 ta yirik bojxona postida terminallar qurildi, 20 dan ziyodi yangi uskunalar bilan ta’minlandi. Tadbirkorlar uchun 35 ta axborot tizimi joriy qilinib, eksport jarayonlari 9 bosqichdan 3 bosqichga tushdi.

Natijada chegara orqali transportlar harakati 8 barobar ko‘payib, qariyb 5 mlntaga yetdi. Budjetga tushumlar 9 barobar o‘sib, o‘tgan yili 63 trln so‘mdan oshdi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda 20 daqiqagacha qisqardi.

Tizimni soddalashtirish 6 mingga yaqin eksportyor, 20 mingga yaqin importyorning sarf-xarajati va vaqtini tejagan. Xalqaro logistika reytingida bojxona ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgan. Lekin hali raqamlashtirish, jarayonni tezlashtirish va qulaylashtirish bo‘yicha vazifalar ko‘pligi ta’kidlandi. Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Bojxona hududida qayta ishlash turlari kengaytirilishi orqali bu tarzda eksport qilingan tovarlar ulushi o‘tgan yili $1 mlrddan oshgan. Tizimni soddalashtirib, 2025-yilda eksportni $1,5 mlrdga yetkazish mumkin.

Qo‘shni davlatlar bilan savdo va turizm aloqalari kengayib borayotgani tufayli chegaradagi yo‘lovchilar va avtotransport oqimi kamida 2 karra oshishi kutilmoqda. Bu qo‘shimcha infratuzilma yaratib, postlarda o‘tkazuvchanlikni oshirishni talab qiladi.

Jumladan, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish maqsadida avtobuslarda ham, aviareyslardagidek, yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni oldindan olish tizimi ko‘zda tutilmoqda. Bu avtobuslar chegaradan o‘tkazish tartibini soddalashtiradi, rasmiylashtirish vaqtini 2 barobar qisqartiradi.

Eng yirik bojxona postlarida yengil avtomobil va avtobuslar uchun “qizil” va “yashil” yo‘laklar joriy qilish taklif etilmoqda.

Bojxona kuzatuvida sun’iy intellektni keng qo‘llash masalasiga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida “xavf tizimi” takomillashtiriladi.

Bu tizim moliyaviy barqarorlik, savdo tarixi kabi 122 ta mezon bo‘yicha tadbirkorlarning ishonchlilik darajasini baholaydi. Rentgen tasvirlari sun’iy intellekt asosida tahlil qilinib, xavfli tovarlar avtomatik aniqlanadi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, sohada xalq uchun yengilliklar yaratish, tadbirkorlar va turistlarga tezkor xizmat ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi. JSTga a’zo bo‘lish jarayonida bojxona qonunchiligini to‘liq muvofiqlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, bojxona instituti salohiyatini oshirish, SI, raqamli texnologiyalar, tahlika-tahlil bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, dual ta’limni kengaytirib, amaliyotni yaxshilash muhimligi qayd etildi.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda 608 mln so‘mlik bojxona to‘lovlaridan qochgan tadbirkor aniqlangani haqida xabar berilgandi.