24-fevral kuni qabul qilingan prezident qarori bilan ayrim qonunchilik hujjatlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi.
Hujjat bilan, 2025-yilning 1-martidan harbiy xizmatchilar ijara to‘lovlari uchun oylik kompensatsiya miqdori 20% ga oshiriladi.
1-iyundan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, 10 yildan ortiq xizmat o‘tagan harbiylarga uy sotib olish yoki qurish uchun ipoteka kreditiga ajratiladigan boshlang‘ich to‘lov miqdori uy-joy qiymatining 35%i miqdorida belgilanadi.
Shuningdek, 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan ta’minlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiylariga ijara to‘lovi uchun beriladigan oylik kompensatsiya miqdori oshirilmoqda.
Bu hududga qarab, quyidagicha:
- Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha (1,8 mln so‘m);
- Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha (1,35 mln so‘m);
- boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2,4 baravarigacha (900 ming so‘m).
Bunda oila a’zolari 3 kishi va undan ko‘p bo‘lgan harbiy xizmatchilar uchun ushbu mablag‘lar miqdori 50% ga oshiriladi.
2026-yildan har yili har oylik kompensatsiya to‘lovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, hukumat qarori bilan belgilab boriladi.
Avvalroq buzilayotgan turar va noturar joylarning bozor qiymati to‘liq qoplab berilishi ma’lum qilingandi. Renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuvdan keyin ruxsat beriladi.