Avvalroq prezident farmoni bilan uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, aholining ipoteka krediti mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib, yangi mexanizmlarni joriy etish belgilanmoqda.

Xususan, xorijda vaqtincha mehnat qilayotganlar va salbiy kredit tarixiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ipoteka krediti hamda subsidiyadan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. Bu bo‘yicha Markaziy bank raisining o‘rinbosari Ayubxon Kamolovga banklar bilan joriy yilning 1-apreligacha chora-tadbirlarni ko‘rish topshirildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Samandar Sadullayev ipoteka kreditini ajratishda banklarning xatarlarini kamaytirishni ta’minlashga xizmat qiluvchi davlat ipoteka kafolatini taqdim etish mexanizmini joriy qilish bo‘yicha hukumatga taklif kiritishi kerak.

Qurilish tashkilotlaridan bank orqali to‘lov qilib, ko‘p kvartirali uy-joylardagi yangi turar va noturar joylardan sotib olgan fuqarolarga to‘langan QQS summasining bir qismi “keshbek” sifatida qaytariladi.

Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev hamda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Abdulaziz Xaydarovga 1-aprelgacha bu bo‘yicha taklif ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga kiritish vazifasi berilgan.

Bundan tashqari, rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka krediti ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini xarajatlar orqali skoring qilish tartibi joriy etiladi.

Skoring quyidagi oxirgi 12 oylik to‘lovlar bo‘yicha ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi:

  • “O‘zbekenergo”, “Hududgazta'minot”, “O‘zsuvta'minot”, “Toshissiqquvvati” va boshqa kommunal tashkilotlar orqali elektr energiyasi, gaz, sovuq va issiq suv hamda maishiy chiqindilar bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lovlar;
  • YHXBB orqali ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan va to‘langan jarima to‘lovlari;
  • sud qaroriga muvofiq fuqarolarga nisbatan belgilangan va to‘langan aliment to‘lovlari.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov, Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov hamda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta'minot”, “O‘zsuvta'minot”, IIV, MIB, Soliq qo‘mitasi hamda Markaziy bank yuqoridagi ma’lumotlarning JShShIR orqali “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsion platformasiga taqdim etilishini ta’minlashi kerak.

Kredit byurolariga “Elektron hukumat” tizimi platformasi orqali rasmiy daromadsiz fuqarolarni aniqlash, ularni identifikatsiya va skoring qilish uchun Soliq qo‘mitasining tegishli ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Kommunal xizmatlar hisob-kitobi va hisobvaraqlardagi mablag‘lar nazoratini yaratish maqsadida vazirlik va idoralar axborot tizimlari orqali amalga oshirilayotgan to‘lovlarda iste’molchining hisob raqami ularning JShShIRga bog‘lanadi.

Natijada, iste’molchining hisoblagich raqami va ko‘rsatkichi hamda to‘lov tarixi haqidagi ma’lumotlari “Mening uyim” billing tizimiga integratsiya qilinadi.

Shuningdek, Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Abdullayevga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsion platformasiga mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida hamda uzluksiz yetkazib borilishini qat’iy nazoratga olish topshirildi.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida migrantlarga ipoteka krediti olishiga imkon beruvchi tizim yaratilishi ma’lum qilingandi.