Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni Sirdaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlari va investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatda tashabbuskorlik kamligi sababli sanoat, savdo va xizmatlar rivojlanishdan orqada qolayotgani, xususan, Sirdaryoda xizmat ko‘rsatish sohasining mamlakatdagi ulushi eng past ekanligi qayd etildi. Kambag‘allik darajasi 11% dan ko‘p, ishsiz fuqarolar soni esa 22 ming nafarni tashkil etadi.
Hududda investitsiyalarni ko‘paytirib, sanoat va biznes-muhitni yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, tranzit salohiyatidan unumli foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Masalan, qariyb 900 gektar yer maydonida sanoat zonalari tashkil qilinishi mo‘ljallangan. Bu $5 mlrd investitsiya jalb qilish hamda 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Loyihalar Sirdaryo, Shirin, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Guliston, Oqoltin va Sardobada joylashadi.
Bir nechta xalqaro avtomagistral kesishmasida joylashgan viloyat hududidan bir kecha-kunduzda 311 mingta transport vositalari o‘tadi. Tadbirkorlar bu yo‘llar bo‘yida yuzlab savdo shoxobchalari ochishga tayyorligini bildirgan. Shu kabi 500 ming kv.metr savdo-servis maydoni tashkil etib, 50 ming odamning bandligini ta’minlash imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Hududda paxta, sholi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun salohiyat kattaligi bois kartoshka, piyoz, maymunjon, qorag‘at va olcha maydonlari kengaytiriladi. Tomorqa, dala va kanallar chetidagi 38 ming gektarga qayta ishlovchi va eksportchilar biriktiriladi.
8 ta tumandagi past rentabelli 25 ming gektar yer sholi yetishtirishga o‘tkaziladi. Sholichilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mahsulotning 50%ini eksport qilishga ruxsat beriladi.
Viloyatda qurilganiga 50 yildan oshgan 1 mingdan ortiq xonadonlar o‘rnida renovatsiya dasturi asosida 15 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu borada Marg‘ilon shahri, Do‘stlik tumanidagi ijobiy tajribalar o‘rganiladi.
Yangi xonadonlar arzon bo‘lishi uchun developerlarga soliq, bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, viloyatdagi yo‘l, elektr, uy-joy, irrigatsiya, bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy obyektlarni yangilashga $100 mln yo‘naltiriladi.
Guliston shahrini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlashga zarur mablag‘ ajratish va bu ishlarni joriy yilning 1-iyuligacha yakunlash topshirildi. Shuningdek, Guliston va Shirin shaharlarida urbanizatsiya jarayonlarini tezlashtirish uchun ularning hududini kengaytirish taklifi ma’qullandi.
Joriy yilda $2 mlrd investitsiya jalb etib, eksportni $500 mlnga yetkazish vazifasi belgilandi. Natijada 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rni ochilishi, kambag‘allik darajasi 7,4% ga tushishi qayd etildi.
Avvalroq O‘zbekistonda ishonchli uy-joy quruvchilarning onlayn reytingi yuritilishi haqida xabar berilgandi. 1-maydan qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan jarayonlar onlayn amalga oshiriladi.