Avvalroq prezident farmoni bilan uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, ko‘p kvartirali uy-joylarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish belgilanmoqda. Buning uchun 2025-yilning 1-mayidan qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan jarayonlar “Shaffof qurilish” tizimida onlayn amalga oshiriladi.

Qurilishi tugallangan ko‘p qavatli uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda davlat yong‘in nazorati organlaridan xulosa olinadi.

Bunda buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgan dastlabki loyiha hujjatlari shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishdan oldin sanitariya-epidemiologiya xizmati, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari bilan kelishiladi.

Inspeksiya qurilish-montaj ishlari kelishilgan loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini nazorat qiladi. Zarur hollarda boshqa idoralar mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.

Endi inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tgan ko‘p kvartirali uy-joylar ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilmaydi. Bunda qurilish davrida ko‘p kvartirali uy-joyni sinovdan o‘tkazgan laboratoriya tomonidan zilzilabardoshlikka doir xulosasi olinadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Davaktiv agentligi bilan birgalikda to‘rt oyda ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkasini sotishdan ulardan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oluvchi raqamli platformani test rejimida ishga tushirishi kerak.

Shuningdek, Qurilish vazirligi, savdo-sanoat palatasi, Soliq qo‘mitasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Statistika agentligiga ishonchli uy-joy quruvchi pudrat tashkilotlari, shu jumladan, developerlarning onlayn elektron reytingini joriy etish topshirildi.

Onlayn reyting tizimi dastlab sinov rejimida joriy yilning 1-iyuligacha ishlab chiqilishi kerak. Reyting quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olishi zarur:

  • qurilishning sifati;
  • qurilish belgilangan muddatlarda yakunlangani;
  • soliq intizomiga rioya etilganligi;
  • kreditlar bo‘yicha to‘lov intizomi;
  • iste’molchilardan olingan fikr va izohlar tahlili.

Avvalroq binolar qurilishi va rekonstruksiyasiga tegishli hujjatlarni onlayn olish imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi. Xizmat Toshkent shahrida sinov tarzida ishga tushirilib, undan jismoniy va yuridik shaxslar Yagona portal orqali foydalanishlari mumkin.