O‘zbekistonlik avtobus haydovchilari Germaniyadagi ishlarga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik mamlakatning “PersonaFAIRmittlung” tashkiloti bilan hamkorlikda avtobus haydovchilarini 300 ta bo‘sh ish o‘rinlariga qabul qiladi.
Ish haqi 3 ming yevroni tashkil etib, bu soliqlar ushlab qolingandan so‘ng 2 ming yevro atrofida bo‘ladi.
Nomzodlar 23−43 yosh oralig‘ida, BC toifadagi haydovchilik guvohnomasiga hamda nemis tilidan A2 yoki B1 daraja xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, ulardan sudlanmagan va jismonan sog‘lom bo‘lish talab etiladi.
Tanlab olingan nomzodlarga Germaniyaga jo‘nash oldidan — viza jarayoni boshlanganda 1 oy davomida kasbiy nemis tili o‘qitilib, qayta tayyorlov kurslari o‘tkaziladi. Kurslar “SBH West” tashkiloti ko‘magida “Vatanparvar” markazida olib boriladi.
Qabul qilinganlarga vizani rasmiylashtirish, aviachipta, aeroportdan ish joyigacha transfer bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Haydovchilar Germaniyada 6 oylik o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan yoki Migratsiya agentligining 71−202−33−55 (qisqa raqam 1282) raqamidan olish mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonlik yuk avtomobili haydovchilari Germaniyaga ishga qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.