26-fevral kuni Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar strategik sheriklik munosabatlar, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi $400 mlndan oshdi, qabul qilingan “yo‘l xaritasi” bilan uni $2 mlrdga yetkazish uchun muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi, Karachi va Toshkentda savdo uylari ochilib, Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida quyidagi ustuvor vazifalar belgilandi:

  • tovarlar ro‘yxatini kengaytirish;
  • fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish;
  • standartlarni yaqinlashtirish;
  • elektron savdo platformalarini integratsiya qilish;
  • xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash;
  • banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar.

Yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida davlat rahbari O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazishni taklif etdi.

Bundan tashqari, tomonlar transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini oshirish masalalariga to‘xtaldilar. Keyingi bir necha yilda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygani qayd etildi.

Yuk aylanmasi hajmini oshirish uchun qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishildi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazishga kelishib olindi. Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish uchun Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini tashkil etadi.

Keng ko‘lamli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.