Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik holatlari fosh etilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda “A.S.” MCHJ mas’ul shaxslari “Paxtakor” MFY hududidagi ma’muriy binosida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida 425,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Departamentning Quva tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda “Q.A.” MCHJ rahbari R.X. muzlatkich binosida tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Natijada 387,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Shu kabi, Departamentning Qonliko‘l tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, Beruniy tumanidagi YATT “E.G.” savdo do‘konida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.
Buning natijasida esa 360,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” to‘rtta hududda 1 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Toshkent shahri, Andijon, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida fuqarolar elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.