25-fevral kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida OTMlarida startap ekotizimini rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalar o‘zlarining startap loyihalari bilan ishtirok etishdi. Bundan tashqari, forum doirasida oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim dasturlarini biznes bilan integratsiyalash, zamonga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev startaplarni bozorga olib chiqish, mahsulotning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun startap egasiga kimdir yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turishi kerakligini qayd etib, ustoz-shogird tizimi bu jarayonga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
“Uning o‘rniga mentor-trekerlardan foydalanish kerak, bu ustoz-shogird tizimi emas. Mentor-trekerlar — to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsata oladigan, startap tashabbuskori kelib menda shu muammo bor deganida, unga to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatib bera oladigan shaxsdir”, — deydi agentlik direktori.
Forum doirasida tashkil etilgan “talabalar startaplari alleyasi"da bir qator startap loyihalar namoyish etildi. “Spot” mazkur loyihalarning bir nechtasi haqida qisqacha ma’lumot beradi.
Qishloq xo‘jaligida uchuvchisiz samolyotlar
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti tayanch doktoranti Sayfullo Qodirov va uning jamoasi o‘zining ikkita startap loyihasi bilan forumda ishtirok etishdi.
Birinchi loyiha “Burgut ko‘z” deb nomlangan bo‘lib, bu texnologiya samolyot turidagi uchuvchisiz uchish vositasi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi qishloq xo‘jalik ekinlari maydonlarini nazorat qilishdan iborat. Bu texnologiya tadbirkor, dehqonlarga yer maydonida qaysi o‘simliklarga kasallik tushgani, tuproqning qaysi qismida suyuqlik kam yoki ko‘pligini aniqlab, nazorat qilish imkonini beradi.
“Bo‘lajak olim” startap tanlovida “Burgut ko‘z” uchuvchisiz uchish vositasi 58 mln so‘mlik sarmoyani qo‘lga kiritgan.
Ikkinchi loyiha esa vertolyot turidagi “Boyqush” nomli dron. Bu loyihaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi aholi yoki tadbirkorlarning ekin maydonlariga urug‘, suspenziyalar hamda dori sepishini osonlashtirishdan iborat.
Foto: Malika Ravshanova / Spot
Ba’zi urug‘lar tuproq yuziga sepiladi, “Boyqush” aynan shunday urug‘larni sepish uchun mo‘ljallangan. Hozir buni Orol dengizi qismida saksovullarni ekish uchun ishlatmoqchimiz, deydi Sayfullo.
“Burgut ko‘z” va “Boyqush” dronlari elektr toki orqali quvvat oladi. Lekin ba’zi hududlarida elektr bilan bog‘liq muammolarni inobatga olgan holda benzin orqali ishlaydigan variantlari ham yaratilgan.
Bu ikki loyiha uchish prinsipi, vazifasi jihatdan farqlanadi. Shuningdek, “Burgut ko‘zi” 55−60 daqiqa, “Boyqush” 20−30 daqiqa havoda uchishi mumkin.
Oliygoh talabasi ularning sifati xorijnikidan qolishmasligini ta’kidlab o‘tib, mahalliy bozor uchun ham shunday dronlarni yetkazib bera olishini ma’lum qildi.
Shaxsiy hayot va biznesdagi muvozanat
Forumda yana bir startap bilan Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabasi Adiz Ibodullayev ham qatnashdi. Loyiha “Organizm” deb nomlangan bo‘lib, “No-code” ERPtizimi ichida qurilgan.
Startapning asosiy maqsadi — shaxsiy hayotni tizimlashtirish, boshqarish hisoblanadi.
Undan qanday foydalaniladi? Maxsus tizim xarid qilingandan so‘ng u telefonga o‘tkazib beriladi. Unda yillik, oylik, haftalik vazifalarni belgilab olib, aloqa vositasining o‘zida o‘sish sur’atini kuzatib borish mumkin. Tizim rejalar unumdorligini avtomatik tarzda tahlil qilib beradi.
Bundan tashqari uning ichida shaxsiy ma’lumotlarni saqlash, “Finans” bo‘limi orqali esa xarajatlarni hisoblab borish imkoniyati mavjud.
Dastur “Siri” ovozli yordamchiga ulangan. Shu sabab, dastur tizimga kirmasdan turib, ovoz orqali ish rejalarni jadvalga kiritib borish imkoniyati mavjud.
Hozir dasturni 23 kishi sotib olgan, o‘rtacha tarif 400 ming so‘m bo‘lib, bir marta xarid qilish orqali tizimdan to‘liq foydalanish mumkin. Tizimni asosan, tadbirkorlar, talabalar sotib olmoqda.
Bugungi kunda uning ilovasi ustida bosh qotiryapmiz, kelajakda uni boshqa sun’iy intellekt vositalari bilan ham integratsiyalash niyatimiz bor, deydi Adiz.
AI orqali moliyaviy xarajatlarni boshqarish
Forumda Aziz Latipov xarajatlarni AI texnologiyasi yordamida boshqarishga qaratilgan startap bilan ishtirok etdi. Ilova “Karmon” deb nomlangan bo‘lib, hozirda O‘zbekistonda test rejimida ish boshlagan.
Uning asosiy maqsadi foydalanuvchilarga xarajatlarni kuzatish imkonini berish, xarajatlarni mahsulot turiga qarab bo‘lish hamda AI tomonidan moliyaviy xarajatlarni boshqarish bo‘yicha shaxsiy maslahatlar berishdan iborat.
Elektron tibbiyot
Forumda 19 yoshli Abdurauf Ollayorov ham tibbiyot xodimlari va bemorlar o‘rtasida ko‘prik bo‘luvchi “Medhelp” loyihasi bilan ishtirok etdi.
Loyiha 3 oy avval ishga tushirilgan bo‘lib, hozirda Andijon va Toshkent shaharlarida ishlamoqda. Bemorlar botlar orqali ro‘yxatdan o‘tib, hamshira xizmatini uylariga chaqirishlari mumkin.
Bu bemorlarga, tibbiy xizmatdan foydalanuvchilarga ancha qulayliklar beradi. Endi loyihani kengaytirish uchun venchur fondlarni jalb qilmoqchimiz. Undan tashqari hozir faqat hamshira, ayollar va bolalar uchun massaj xizmatlari mavjud bo‘lsa, uning turlarini ham kengaytirib “super app” qilmoqchimiz, deydi Abdurauf.
Avvalroq “Spot” startaplar uchun sarmoya hamda O‘zbekistonda loyihalarni kimlar qo‘llab-quvvatlashi haqida yozgandi.
Maqolada yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lgan jamg‘armalar va qanday talablar moliyalashtirishni muvaffaqiyatli jalb qilish imkoniyatini oshirishi to‘g‘risida so‘z yuritilgan.