Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida ikki tomonlama bitimlar to‘plami imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladilar.
Bundan tashqari, tashrif davomida imzolangan quyidagi hujjatlar almashildi:
- Fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risida bitim;
- Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Professional ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Yoshlarga oid siyosat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- diplomatik akademiyalar, Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar va ahdlashuvlar hamda boshqa hujjatlar.
Undan keyin OAV bilan kechgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev Pokistonning yetakchi kompaniyalari, biznes vakillari bilan alohida uchrashuv o‘tkazilib, qo‘shma rejalar muhokama qilinishini ta’kidladi.
O‘zaro savdo hajmini keskin oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va unga qulay sharoitlar yaratish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Farmatsevtika, agrar tarmoq, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surib, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, turizm sohalaridagi almashinuvni rivojlantirish maqsadida “Umra plyus” dasturi doirasida hammkorlikni oshirishga kelishildi.