O‘zbekistonda haydovchilarga hisoblanadigan jarima ballari faqat YPX inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllanadi. Bu haqda 25-fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” nashri.
Bozorov yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etgan haydovchilarga jarima ballarini belgilashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlanayotganini qayd etdi. Hujjat bilan qoidabuzarliklar uchun ballar qanday hisoblanishi belgilanadi.
“Xalqimizdan kelib tushgan takliflar va ijtimoiy holatdan kelib chiqib, faqat yo‘l patrul xizmati inspektori tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma asosida ballik tizim yuritiladi”, — dedi.
YHXX boshlig‘i o‘rinbosarining ta’kidlashicha, qoidabuzarliklarni ballik tizimda hisoblash IIV YHXX tomonidan inson omilisiz, elektron tarzda amalga oshiriladi. “Chunki, har bir yozilgan bayonnoma elektron planshet orqali onlayn rasmiylashtiriladi, bu yerda inson omili bo‘lmaydi”, dedi u.
Bundan tashqari, Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qildi.
“Dastlabki qadamda YPX inspektori tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklarni ball tizimida hisoblash yo‘lga qo‘yilsa, kelajakda avtomatik aniqlovchi qurilmalar yordamida qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun [jarima ballarini hisoblash] rejamizda bor”, — dedi Erali Bozorov.
Shuningdek, u qaror loyihasi bilan yig‘ilgan ballaridan norozi haydovchilar uchun ma’muriy amaliyot markazlariga murojaat qilish imkoniyati yaratilishini ta’kidladi. Bunda noto‘g‘ri tuzilgan bayonnomalar yuzasidan tegishli xulosa beriladi.
Qonun bilan jarima ballari har bir huquqbuzarlik uchun 2 balldan oshmasligi belgilangan. U birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, bir yil davomida hisoblab boriladi va bir yil o‘tgach haydovchidan avtomatik tarzda yechiladi.
Jarima ballari miqdori bir yilda 12 balldan oshsa, oxirgi huquqbuzarlik uchun belgilangan jazoga qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi. Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi haqida batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Avvalroq yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun bir qator jarimalar oshirilayotgani haqida xabar berilgandi. Qonunchilikda yo‘l bezoriligi tushunchasi belgilanmoqda, unga drift qilish va “shashka” harakatlanish kiradi.