Joriy yilning 1-martidan boshlab O‘zbekistonda yoshga doir pensiyani proaktiv shaklda tayinlash yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda pensiya yoshiga to‘lgan fuqarolarga pensiyaga avtomatik tarzda, hech qanday hujjatlarsiz chiqariladi. Ularning ish staji, ish haqi va oila tarkibi kabi ma’lumotlari esa tegishli idoralarning axborot tizimlaridan olinadi.

Amalda fuqarolar pensiya yoshiga yetgach, pensiya tayinlashni so‘rab yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona portali orqali murojaat qiladilar.

Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Hojibekov “UzA"ga bergan intervyusida proaktiv shakl qanday bo‘lishi, ma’lumotlar qanday avtomatik tarzda olinishi hamda xorijdagi va ish stajiga ega bo‘lmaganlar nima qilishi haqida so‘zlab berdi.

Ma’lumotlar qanday olinadi?

Proaktiv shakl 60 yoshga to‘lgan erkaklarga va 55 yoshga to‘lgan ayollarga ularning arizasisiz pensiya tayinlashni nazarda tutadi. Bunda ma’lumotlar Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish markazidan olinadi.

nafaqa, pensiya, pensiya jamg'armasi, proaktiv, qonunchilik

Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida fuqarolarning doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzillarini aniqlash uchun Ichki ishlar vazirligi axborot tizimiga elektron so‘rovlar yuboriladi. Tizim avtomatik tarzda ariza yaratib, ularni jamg‘armaning tegishli tuman va shahar bo‘limlariga bo‘lib chiqadi.

Fuqarolarning ma’lumotlari quyidagi axborot tizimlaridan olinadi:

  • ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlar — Yagona milliy mehnat tizimidan;
  • ish haqi — 2005−2016 yillar uchun “Xalq banki"ning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga to‘langan badallardan, 2016-yildan keyingi davr uchun esa Davlat soliq qo‘mitasidan;
  • oila tarkibi — Adliya vazirligining FHDYO bo‘limiga tegishli dasturiy ta’minotdan;
  • oliy ta’limga oid ma’lumotlar — “Hemis” dasturidan.

Bundan tashqari, ayollarning bola parvarishlash davrlarini hisoblash uchun ularning farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari ham olinadi. Undan keyingi barcha jarayonlar avtomatik tarzda amalga oshiriladi va fuqaroga pensiya tayinlash jarayoni tugatiladi.

Pensiya tayinlansa yoki rad etilsa, bu haqida fuqarolar telefonlariga SMS-xabar orqali bildirishnomalar yuboriladi. Agar ularda o‘zlariga tegishli telefon raqami bo‘lmasa, ularning doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzillariga pochta orqali xat shaklida yetkaziladi.

Xorijdagi fuqarolar nima qiladi?

Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi bilan yo‘lga qo‘yilgan axborot almashinuvi orqali fuqaroning O‘zbekiston hududida yoki mamlakat tashqarisida ekanligini aniqlash mumkin bo‘ladi.

Agar fuqarolar O‘zbekistondan tashqarida bo‘lsalar, ularga pensiya tayinlanadi, lekin to‘lovga chiqarilishi vaqtinchalik to‘xtatib turiladi. Ular mamlakatga qaytgach, to‘lovni davom ettirish to‘g‘risidagi arizalar bilan murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ish staji yo‘qlar ham avtomatik pensiyaga chiqariladimi?

Kamoliddin Hojibekov pensiya tayinlash uchun qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolarning ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlari bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

“Hech qayerda ishlamasdan yoki belgilangan tartibda ish stajiga ega bo‘lmasdan pensiyaga chiqishning imkoni yo‘q. Proaktiv tizimda fuqarolarga ovoragarchiliksiz, idorama-idora yurib, sarson bo‘lishning oldini olgan holda pensiya tayinlanadi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Hojibekov pensiya va nafaqa bir biridan farq qilishini, ish stajiga ega bo‘lmaganlarga budjetdan ajratiladigan mablag‘lar asosida nafaqalar tayinlanishini qo‘shimcha qildi. Erkaklar yoshga doir nafaqaga 65 yoshda, ayollar esa 60 yoshda chiqishlari mumkin.

Nafaqalar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tayinlanadi. Fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali ariza berishlari mumkin.

Nega ma’lumotlarni raqamlashtirish kerak?

Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i fuqarolardan o‘zlarining ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlari raqamlashtirilganiga aniqlik kiritib qo‘yishlarini so‘radi. Agar ma’lumotlar raqamlashtirilmagan bo‘lsa, bu bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilish lozim.

Fuqarolar bunday ma’lumotlarni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Yagona milliy mehnat tizimi — “my.mehnat.uz” platformasi yoki Yagona portal orqali olishlari mumkin.

Ishlayotgan fuqarolar ishxonasidagi kadrlar bo‘limidan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasidagi barcha yozuvlarni raqamlashtirishni talab qilishlari kerak. Ilgari mehnat faoliyatini tugatgan, biroq hali pensiya yoshiga yetmaganlar esa bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishlari mumkin.

Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zlari ham “my.mehnat.uz” sayti orqali o‘z mehnat daftarchalarini raqamlashtirib qo‘yishlari mumkin. Lekin, bu ma’lumotlarning haqiqiyligini Bandlikka ko‘maklashish markazlari orqali tasdiqlash kerak. Bunda kiritilgan staj qog‘oz shakldagi mehnat daftarchalaridagi stajlar bilan solishtiriladi. Agar hammasi to‘g‘ri kiritilgan bo‘lsa, bu davrlar tasdiqlab beriladi.

“Bu fuqarolarimizga proaktiv shaklda pensiya tayinlashda ularga rad javobi berilishining oldini oladi, ya’ni birinchi qadamni o‘zida pensiya tayinlash imkoni ko‘proq bo‘ladi”, — dedi Kamoliddin Hojibekov.

Ariza rad etilsa, nima qilish kerak?

Agar proaktiv shaklda pensiya tayinlash jarayonida fuqarolarning arizalari rad etilsa, keyinchalik ular qo‘shimcha hujjat taqdim etib, pensiyalarini qayta hisoblatishlari mumkin bo‘ladi. Mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlari raqamlashmagan bo‘lsa, qo‘shimcha hujjat talab etiladi. Agar raqamlashgan bo‘lsa, avtomatik tarzda tayinlanadi.

Bunda mehnat daftarchasidagi 2005-yilgacha bo‘lgan barcha yozuvlar hech qanday qo‘shimcha hujjat talab etilmagan holda qabul qilinadi. 2005-yildan keyingi davr uchun ish staji “Xalq banki” tizimi orqali aniqlanadi. Bunda jamg‘arib boriladigan mablag‘lar uchun badallar to‘langan yoki to‘lanmaganligi tekshiriladi.

Agar ushbu davrga to‘lanmagan bo‘lsa, mehnat staji mablag‘lar tushmagan davrga hisoblanmaydi. 2016-yildan keyingi davr esa DSQdan olinadigan ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tasdiqlanadi.

Nafaqalar ham proaktiv shaklda tayinlanadimi?

Kamoliddin Hojibekovning ta’kidlashicha, birinchi bosqichda yoshga doir pensiyalar proaktiv shaklga o‘tkazilsa, keyingi bosqichda nogironlik pensiyalarini mazkur shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bunda, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqaroga nogironlik belgilangandan so‘ng, bu haqidagi ma’lumotlar jamg‘armaga avtomatik tarzda, axborot almashinuvi orqali kelib tushadi.

Bu ma’lumotlar asosida fuqaroning yashash manzili, ish staji, ish haqi hamda oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda qabul qilinib, ularga nogironlik pensiyalarini tayinlash tizimi yaratiladi.

Proaktiv shakl kimlarga amal qiladi?

Faqat 1-martdan boshlab 60 yoshga to‘lgan erkaklarga va 55 yoshga to‘lgan ayollarga proaktiv shaklda pensiya tayinlanadi.

Qolgan hollarda (masalan, 1-mart sanasidan oldin pensiya yoshiga yetganlar) fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali ariza topshirishlari kerak. Arizalar 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, natijalari elektron yoki SMS-xabar shaklida yuboriladi.

2024-yil boshida Yagona portalda pensiya tayinlash uchun onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratildi. Undan hech qanday hujjatlarsiz bepul foydalanish mumkin. “Spot” bu bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.