Janubiy Koreya 28-fevraldan boshlab Rossiyaga tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berishga qo‘yilgan sanksiya cheklovlarini bekor qiladi. Bu haqda Janubiy Koreya Sanoat, savdo va resurslar vazirligiga tayanib “RBC” nashri xabar berdi.
“28-fevraldan boshlab “Strategik materiallarning eksporti va importi to‘g‘risidagi bildirishnoma"ga o‘zgartirish kiritish loyihasi kuchga kiradi. Rossiyaga tibbiy jihozlar eksporti alohida tartibda yakka tartibdagi ruxsatnomalar olish zaruriyatidan ozod etiladi,” — deya ta’kidlangan bayonotda.
Tibbiy asbob-uskunalarga nisbatan cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror “so‘nggi paytlarda eksport qiluvchi kompaniyalar tomonidan e’lon qilingan murakkabliklarni” hisobga olgan holda qabul qilindi, deyiladi hujjatda.
Shu munosabat bilan, Janubiy Koreya hukumati eksport nazorati tizimini o‘zgartirishga qaror qildi. Bu o‘zgarish “insonparvarlik xususiyatiga ega va qurol sifatida qo‘llanilish ehtimoli nisbatan past bo‘lgan” tibbiy jihozlarni Rossiyaga yetkazib berish imkonini yaratadi.
Bunday asbob-uskunalarga misol tariqasida diagnostika o‘tkazish uchun rentgen apparatlari va rentgenografik suratlar olish uchun asbob-uskunalar keltirilgan.
Endi ularni eksport qilish uchun nazorat qiluvchi organlarga chet elga yetkazib berish uchun standart hujjatlarni taqdim etish yetarli hisonalanadi. Qolgan sanksiya ostidagi tovarlarga nisbatan eksport qilish uchun individual ruxsatnomalar olish kerak bo‘ladi.
Janubiy Koreya 2022-yil mart oyida Rossiyaga yetkazib beriladigan tovarlarga nisbatan eksport nazoratini joriy etgandi. Seul Rossiyaga mingdan ortiq turdagi tovarlar eksportini cheklagandi.
Mamlakat hukumati ushbu qarorni Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha jadallashgan munozaralar fonida qabul qildi. Bu mavzudagi munozaralar Rossiya va AQSh prezidentlarining telefon suhbati, shuningdek, 18-fevral kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng faol tarzda olib borilmoqda.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qilgani haqida yozgandi.
Ittifoq mazkur kompaniyalarni savdo sanksiyalarini chetlab o‘tishga ko‘maklashish va dronlar hamda raketalar uchun ehtiyot qismlarni xarid qilishda ayblamoqda.