Migratsiya agentligi Rossiyada vaqtincha ishlash uchun ruxsatnoma olishga tayyorlovchi platformani ishga tushirdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda patent olishning asosiy shartlaridan biri bu rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligiga oid testlardan muvaffaqiyatli o‘tish hisoblanadi.

Platforma Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan fuqarolarga imtihonlarga tayyorlanish imkonini beradi.

Buning uchun namunaviy sinov testlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular yordamida rus tili bo‘yicha bilimlarni baholash hamda imtihon savollari bilan tanishish mumkin.

Bundan tashqari test natijalari asosida qayta tayyorgarlik ko‘rish mumkin bo‘ladi. Xususan, platformada quyidagilar bo‘yicha test namunalari keltirilgan:

  • eshitib tushunish;
  • o‘qish va yozish;
  • leksika va grammatika;
  • Rossiya tarixi;
  • Rossiya qonunchiligi asoslari.

Olti bosqichli testlardan o‘tgach, foydalanuvchilarga to‘g‘ri javoblar taqdim etiladi.

Platformadan havola orqali bepul foydalanish mumkin.

Agentlik Rossiya tomoni bilan patent uchun rus tili bo‘yicha imtihonni “Saxarova” migratsiya markazining Toshkentdagi filialida yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.

Avvalroq o‘zbekistonlik avtobus haydovchilari Germaniyaga ishga qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar BC haydovchilik guvohnomasi hamda nemis tilidan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari kerak.