AQSh ikki haftadan so‘ng yashash uchun “oltin” vizalarni $5 mlnga sotishni boshlaydi, dedi prezident Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yashash uchun ruxsatnoma Amerika iqtisodiyotiga katta sarmoya kiritadigan xorijliklarga beriladi.
“Biz „oltin karta“ sotamiz. „Yashil karta“ mavjud, bu esa — „oltin karta.“ Uning narxi taxminan $5 mln miqdorida belgilanadi,” — dedi Tramp.
Tramp boylarning bunday kartani sotib olishi orqali AQShga kirishiga ishonch bildirdi. U bu Amerika fuqaroligiga erishish yo‘li ekanligini ham qo‘shimcha qildi.
Uning aytishicha, bu dastur qonuniy bo‘lib, uni mamlakat kongressida tasdiqlashga hojat yo‘q. Undan keladigan daromad AQSH budjeti kamomadini qoplashga yo‘naltirilishi mumkinligini ta’kidladi.
Tramp, shuningdek, “oltin” vaqtinchalik yashash ruxsatnomasiga Rossiyalik tadbirkorlar ham da’vogar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
AQSh savdo vaziri Govard Latnik ushbu viza uchun nomzodlar tekshiruvdan o‘tishi zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati xorijiy investorlar uchun amaldagi EB-5 AQSh vizalari dasturi yopilishini ma’lum qildi.
Avvalroq “Spot” AQShning 14 ta shtati rasmiylari Ilon Mask va Donald Trampni sudga bergani haqida yozgandi.
Da’vo arizasida ta’kidlanishicha, Maskning tayinlanishi AQSh Konstitutsiyasini buzadi, chunki u Senat tomonidan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan vazifalarni bajarmoqda.