Olmaotada eski avtomobillar uchun kirish pulli bo‘ladigan hududlar joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Tengrinews” nashri shahar hokimi Yerbolat Do‘sayevga tayanib xabar bermoqda.

Do‘sayevning so‘zlariga ko‘ra, bu havo sifatini yaxshilashga qaratilgan. 2026-yil oxirigacha transport infratuzilmasi tayyor bo‘ladi va 2027-yildan boshlab zamonaviy ekologik standartlarga javob bermaydigan avtomobillar uchun kirish cheklovlari amal qila boshlaydi.

“Menga doim Nyu-York haqida gapirishadi: u yerda yuqori va quyi Manxettenda trafik kamayganini, chunki tegishli to‘lov tizimi joriy etilganini aytishadi. Ammo Nyu-York buni amalga oshirish uchun uzoq yillar davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Bizning taxminimizcha, agar 2026-yil oxirigacha transport tizimining asosi yakunlansa, 2027-yildan boshlab birinchi cheklovlarni joriy etamiz. Lekin bu cheklovlar to‘lov orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, agar mashina Olmaotada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-yu, zamonaviy standartlarga javob bermasa, u holda ma’lum hududlarga, xususan, Sharqiy aylanma yo‘lga sharq tomondan kirish pullik asosda bo‘lishi ehtimoli bor”, — dedi hokim.

Yerbolat Do‘sayev ta’kidlaganidek, elektromobillar va yangi avtomobillar egalari ushbu hududlarga bepul kirishlari mumkin bo‘ladi.

Avvalroq, Olmaotada yozda avtoturargohlar narxi oshishi haqida xabar berilgan edi. Yerbolat Do‘sayevning ma’lum qilishicha, chora-tadbirlarning bir qismi 1-iyuldan, boshqa qismi 1-avgustdan amalga oshiriladi.

“Birinchi navbatda, biz katta shaharlardagi kabi avtomobil to‘xtash joylarining narxini sezilarli darajada oshiramiz”, — deya ma’lum qildi shahar hokimi.


Avvalroq Nyu-York tirbandlikka qarshi kurashish uchun shahar markaziga kirish to‘lovini joriy qilgani haqida xabar berilgandi.

5-yanvardan boshlab Manxetten markaziga tirbandlik vaqtda kirish $9ni tashkil qiladi. Biroq Donald Tramp qarorni bekor qilishga va’da berdi.