Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovar xom-ashyo birjasida dizel yoqilg‘isi narxining o‘sish chegarasini belgiladi. Bu haqda vaziyatdan xabardor bo‘lgan ishonchli manba “Spot"ga ma’lum qildi.

26-fevraldan boshlab alohida savdo seksiyasida fermer xo‘jaliklari tomonidan kichik lotlarda xarid qilinadigan dizel narxining uning birja savdosidagi boshlang‘ich narxiga nisbatan o‘sish chegarasi (spred) eng ko‘pi bilan 5% gachani tashkil etadi.

Bundan maqsad kelgusi haftadan boshlanadigan ekin mavsumida dizel yoqilg‘isi narxining o‘sish risklarini oldini olish ekani aytildi. 2024-yil noyabr oyida qo‘mita AI-80 benzini va suyultirilgan gaz narxlarining rekord darajadagi o‘sishidan so‘ng xuddi shunday yuqori chegaralarni joriy etgandi.

Tovar xom-ashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 26-fevral kuni bir tonna dizel narxi 1,2% ga — 13,27 mln so‘mgacha, 31-yanvardan esa qariyb 5,7% ga oshgan.