Oliy Majlis Senatining 21-fevral kuni o‘tkazilgan to‘rtinchi yalpi majlisida qattiq maishiy chiqindidan qarzdoriligi mavjud iste’molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklashga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova mamlakatda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi debitor qarzdorlikni keskin oshirayotganini qayd etdi. Hozirda bu 600 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Abdikarimova to‘lov intizomi darajasining pastligini bir nechta omillar bilan izohladi. Xususan, chiqindi uchun to‘lovlarni amalga oshirmagan abonentlarga xizmat ko‘rsatmaslik imkoni yo‘q, bundan tashqari, ularga nisbatan ta’sir choralari faqat sud tartibida amalga oshirilib, bu jarayon uzoq vaqt davom etadi.
Shu bilan birga, bu xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi, ularning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritishni cheklaydi, sohaga tadbirkorlar va xususiy sektorni jalb qilishga to‘siq bo‘layotgani ta’kidlandi.
Qonun bilan Fuqarolik va uy-joy kodekslari, “Raqobat to‘g‘risida"gi va “Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra endilikda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud iste’molchilarga SMS-xabar yuborish tartibi belgilanmoqda.
Bunda mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar iste’molchidan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi. Qarzdorlik bartaraf etilgach esa, cheklov avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar to‘lovlarni hisob-kitob qilishning ishonchli hamda to‘g‘riligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyevning tushuntirishicha, bu tartib SMS olgandan keyin ham uch davomida qarzdorlikni to‘lamagan iste’molchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish
2024-yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.
Bunda, o‘tgan yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.
Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.
Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. To‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Mazkur qonun loyihasi dekabr oyida Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandi. Unda besh kun ichida chiqindidan qarzini uzmagan iste’molchilarga elektr to‘lovi uchun taqiq qo‘yilishi aytilgandi.