Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida O‘zbekistonda neft va gaz qazib olish, shuningdek, benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi kamaygan.
O‘tgan oyda neft qazib olish hajmi 55,1 ming tonnani tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 8,7%ga pasaygan. Buning natijasida avtomobil benzini ishlab chiqarish 20%dan ortiqqa (o‘tgan yili esa 10,8%ga) qisqargan.
Tabiiy gaz qazib olish hajmi 3%ga kamayib, 3,87 mlrd kub metrni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich kamida besh yil davomida — 2021-yildan buyon pasayishda davom etmoqda. Shuningdek, gaz kondensati ishlab chiqarish hajmi ham 9,6%ga qisqarib, 101 ming tonnaga tushdi.
Eng katta pasayish dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishda kuzatildi, u uchdan bir qismdan ko‘proqqa tushib ketdi.
Shu bilan birga, ko‘mir qazib olishda ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Yanvar oyida 408,8 ming tonnadan ortiq ko‘mir qazib olindi (14,3% o‘sish bilan).
Bundan tashqari, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 7,57 mlrd kVt/soatdan 7,25 mlrd kVt/soatgacha, ya’ni 4,3%ga kamaydi. Yirik korxonalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish 18%ga (5,79 mlrd kVt/soatgacha) qisqardi, bu qisman kichik biznesning uch barobar o‘sishi (1,46 mlrd kVt/soat) bilan qoplandi. Kichik biznes subyektlari deganda “yashil” energetika nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish hajmi deyarli yarmiga oshib, 4,2 mln Gkaldan oshdi.
Avvalroq “Spot” yanvar oyida O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish 4,4%ga kamaygani haqida yozgandi.
“Damas”, “Chery” va “Kia” avtomobillarining ishlab chiqarilishi pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, “Cobalt” va “Onix” modellari esa sezilarli darajada o‘sish ko‘rsatdi.