Mo‘g‘ulistonning “Hunnu Air” aviakompaniyasi Ulan-Batordan Toshkentga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Aviakompaniya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aviaqatnovlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
“Hunnu Air” ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam yo‘lovchi reyslarni 2025-yilning ikkinchi yarmidan yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parvozlar Embrayer 190 rusumli samolyotlarda amalga oshiriladi.
“Hunnu Air” xususiy mo‘g‘ul aviakompaniyasi 2011-yilda tashkil etilgan. Uning shtab-kvartirasi Ulan-Batordagi Chingizxon nomidagi xalqaro aeroportida joylashgan. Aviakompaniya ATR 72−500 va Embrayer 190 samolyotlarida ichki va xalqaro qatnovlarni amalga oshiradi.
Avvalroq Uchta xorijiy aviakompaniyaga O‘zbekistonga muntazam parvozlar uchun ruxsat berilgandi. “Air Asia X Berhad” Kuala-Lumpur bilan, “T'way Air” Seul bilan hamda “Red Sea Airlines” Sharm-esh-Sheyx bilan Toshkentni bog‘laydi.