Markaziy bank jismoniy shaxslar uchun mikroqarzlarning to‘liq qiymatini cheklamoqchi. Bu haqda 25 fevral kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti direktori Sanjar Nosirov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Mikroqarzlar bo‘yicha cheklangan stavkaning yangi chegarasi — kuniga amaldagi 0,3% o‘rniga 0,25%. Bunda kredit bo‘yicha barcha to‘lovlarning jami summasi banklar bilan muhokama qilingandan so‘ng belgilanishi rejalashtirilayotgan ma’lum bir ko‘rsatkichdan oshmasligi kerak.

Nosirovning aniqlik kiritishicha, belgilangan chegara nafaqat kredit bo‘yicha foizlarni, balki boshqa barcha to‘lovlarni, jumladan, qarz oluvchilardan olinadigan komissiyani ham hisobga oladi. Regulyatorning ta’kidlashicha, kreditlarning alohida turlari bo‘yicha barcha to‘lovlarning umumiy summasini cheklash amaliyoti Buyuk Britaniya, Avstraliya, Braziliya va Janubiy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlarda keng tarqalgan.

Bundan tashqari, banklar o‘rtacha oylik to‘lovlarni hisoblashda qarz oluvchilarning bo‘lib to‘lash (BNPL) va lizing to‘lovlarini hisobga olishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, Markaziy bank mikroqarzlar bo‘yicha har oylik to‘lovlarni hisoblashda maksimal muddatni 18 oy etib belgilaydi (ipoteka kreditlari bo‘yicha — 180 oy, boshqa kreditlar bo‘yicha — 60 oy).

O‘rtacha oylik daromadni hisoblashda so‘nggi 6 oydagi minimal va 12 oydagi maksimal davr hisobga olinadi. Shu bilan birga, medianani ham, o‘rtacha arifmetik qiymatni ham hisobga olishga ruxsat beriladi, ammo ular farq qilganda, qarz oluvchining eng past daromad ko‘rsatkichini hisobga olish kerak.

Bundan tashqari, Markaziy banki banklarga mikroqarzlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ularning umumiy kredit portfelidagi ulushi avtokreditlardagi kabi 25% dan oshmasligi kerak.

Mikromoliyalash

2024-yilning yanvar oyida Markaziy bankning o‘sha paytdagi raisi Mamarizo Nurmuratov mikromoliyalash bozorida “pufak” paydo bo‘lishiga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidlagandi. 2023-yilda chakana kreditlarning umumiy portfeldagi ulushi 26% dan 33% ga oshdi va chakana kreditlashning ayrim segmentlarida haddan tashqari qizib ketish kuzatildi.

O‘sha yilning fevral oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun bilan mikroqarzlarning cheklangan miqdori ikki baravarga — 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirilishi belgilandi.

Iyul oyiga kelib, prezident yil yakunigacha 50 ta mikromoliyalash tashkilotini ochish va ularni kreditlash uchun 1 trln so‘m miqdorida moliyaviy resurslar ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘sha vaqtda mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga oid nizom tasdiqlandi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.

Shu bilan birga, 1-noyabrdan onlayn kreditlarni berishda vaqtinchalik tartib joriy etildi. Ilova orqali ariza berishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish kerak. Bu arizachining shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash imkonini beradi. Agar qarzdorning qarzlari ko‘p yoki muddati o‘tgan bo‘lsa, bank kreditni rad etishi yoki uning miqdorini kamaytirishi mumkin.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, mikroqarzlar (45,83 trln so‘m) va mikrokreditlar (17,4 trln so‘m) ajratish hajmi yarmidan ko‘proqqa oshdi. Ikkinchi yarim yillikda mikroqarzlarning o‘sish sur’atlari tezlashdi va dekabr oyida 5,1 trln so‘m bilan mutlaq rekord o‘rnatildi.

Avvalroq 2024-yilda O‘zbekistondagi mikromoliya tashkilotlari va lombardlar 1 trln so‘m daromad olgani haqida xabar berilgandi.