Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyiha bilan profilaktik hisobga qo‘yiladigan shaxslar doirasi 6 toifadan 3 toifaga, ma’muriy huquqbuzarliklar uchun profilaktik hisobga olinayotgan moddalar 28 tadan 12 taga kamaytirilib, zaruriy hisoblangan qo‘shimcha 2 ta holat bilan to‘ldirilmoqda.
Oilaviy zo‘ravonlik sodir etganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59−2-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan hamda sodir etgan ma’muriy huquqbuzarligi uchun sud qarori bilan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslarni profilaktik hisobga olinadigan shaxslar qatoriga kiritish belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida ayrim toifadagi shaxslarga ularning ayblilik masalasi hal etilmasdan turib huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash amaliyoti tatbiq etilmayd i.
Shuningdek, ayrim turdagi ma’muriy huqubuzarliklarni sodir etganlarni qayta-qayta suhbatga chaqirish amaliyoti bekor qilinadi.
Avvalroq guvohnomasiz va mast holda avtomobil boshqarganlik uchun jarimalar oshirilishi ma’lum qilingandi. Bir necha marta ichki ishlar organlari xodimlarining avtomobilni to‘xtatish talabiga bo‘ysunmagan haydovchilar 11,25 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi va 1 yilga avtomobilni boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
O‘zbekistonda haydovchilarga hisoblanadigan jarima ballari faqat YPX inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllanadi. Kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilgan.