Rossiyada 1-martdan boshlab bolalar va o‘smirlarga energetik ichimliklar sotish taqiqlanadi. Bu haqda Jamoatchilik palatasi a’zosi, huquqshunos Yevgeniy Masharov “TACC"ga ma’lum qildi.

“2025 yil 1-martdan boshlab Rossiya hududida voyaga yetmaganlarga alkogolsiz tetiklashtiruvchi ichimliklar, jumladan energetik ichimliklarni sotish taqiqlanadi. Ushbu qonunni amalga oshirish jarimalar ko‘rinishidagi tegishli choralarni joriy etishni talab qiladi,” — dedi Masharov.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqalar energetik ichimliklarni sotish joyi va vaqtini cheklash uchun qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi va federal me’yorlarni amalga oshirish samaradorligi mahalliy qonunchilik bilan kuchaytiriladi. Qonunga rioya etilishini nazorat qilish ham mintaqaviy hokimiyatlarga yuklatiladi.

Agar xaridorning voyaga yetganligiga shubha tug‘ilsa, sotuvchi bunday ichimliklarni sotishdan bosh tortishi shart bo‘ladi.

Qayd etilishicha, taqiq choy, qahva va ular asosidagi ichimliklarga taalluqli emas.

2024-yil avgust oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklar sotishni taqiqlovchi qonunni imzolagandi.

Dekabr oyida Davlat Dumasi deputatlari voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklarni sotganlik uchun jarima miqdorlarini belgilovchi qonun loyihasini kiritdilar:

  • jismoniy shaxslar uchun — 50 ming rublgacha;
  • mansabdor shaxslar uchun — 200 ming rublgacha;
  • yuridik shaxslar uchun — 500 ming rublgacha.

Krasnoyarsk o‘lkasida bolalar va o‘smirlarga energetik ichimliklarni sotish 2016-yildan beri taqiqlangan. Jismoniy shaxslarga 1,5 ming rublgacha, mansabdor shaxslarga 3 ming rublgacha, yuridik shaxslarga 30 ming rublgacha jarima qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, bolalar, ta’lim va tibbiyot muassasalarida energetik ichimliklarni sotish uchun yuqori javobgarlik belgilangan.

Jarima miqdorlari jismoniy shaxslar uchun 3 ming rubl, mansabdor shaxslar uchun 6 ming rubl, yuridik shaxslar uchun 50 ming rublgacha yetadi.

Ta’kidlanishicha, Rossiya mintaqalari tetiklashtiruvchi ichimliklarni sotish taqiqlangan obyektlar ro‘yxatini, shuningdek, ularni sotish vaqti va joylariga oid cheklovlarni o‘zlari belgilash huquqiga ega bo‘ladi.

Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin yoshlar orasida har ikki kishidan biri energetik ichimliklar iste’mol qilishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ichimliklarning zarari shifokorlar tomonidan isbotlangan bo‘lib, ular gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, qandli diabet va boshqa kasalliklar xavfini oshiradi.


Avvalroq “Spot” Rossiyada veyplarni butunlay taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Davlat dumasida ta’kidlanishicha, veyp uchun joriy qilingan aksiz yig‘imi yetkazilayotgan zararni qoplamaydi.