Markaziy bank mikro va kichik biznesni kreditlash bo‘yicha banklarga qo‘yiladigan talablarni kamaytiradi. Bu haqda 25-fevral kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti rahbari Sanjar Nosirov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Regulyator yillik aylanmasi mos ravishda 1 va 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan mikro va kichik biznes subyektlari uchun kreditlashni soddalashtirishni rejalashtirmoqda.

Kichik tadbirkorlik subyektlariga bank regulyativ kapitalining 0,2%idan oshmagan holda 15 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratishga ruxsat beriladi.

Mikro va kichik biznes subyektlarining majburiyatlari bo‘yicha kredit tavakkalchiligi 75% darajasida belgilanadi. Amalda bu foiz stavkasidan kelib chiqib, 100, 150 va 200% ni tashkil etadi.

Markaziy bankning qayd etishicha, amaldagi tartib bilan kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlarga ajratilgan kreditlarga 75% lik tavakkachilik koeffitsientini qo‘llash uchun kredit summasi 300 mln so‘mdan oshmasligi kerak.

banklar, kichik biznes, markaziy bank, mikro biznes

Regulyator taqdimotidan ko‘rinib turibdiki, mikro va kichik biznesni kreditlashning yangi tartibi banklarning zarur regulyativ kapitaliga bo‘lgan talablarni sezilarli darajada kamaytiradi. Bu moliya institutlariga risk-vaznni (risk weight) kamaytirish orqali ko‘proq mablag‘larni kreditlashga yo‘naltirish imkonini beradi.

Masalan, 100 trln so‘m miqdorida kredit ajratilganida bankning regulyativ kapitali kamida 9,75 trln so‘mni (amalda — 19,5 trln so‘m), 120 trln so‘m ajratilganda esa 11,7 trln so‘m (23,4 trln so‘m) ni tashkil etishi kerak.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklariga mikroqarzlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ularning umumiy kredit portfelidagi ulushi avtokreditlardagi kabi 25% dan oshmasligi kerak.

Avvalroq regulyator fuqarolarga foydalanmayotgan bank kartalarini yopishni tavsiya qilgani haqida xabar berilgandi. Regulyator fuqarolarni nomidagi kartalar haqida xabardor qilish uchun banklar tomonidan SMS jo‘natilayotganini tasdiqladi.