2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonning davlat qarzi $40 mlrddan oshdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytidagi ma’lumotlarda keltirilgan.

Joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, davlat qarzi 2023-yilga nisbatan $5,27 mlrdga o‘sib, $40,19 mlrdni tashkil etdi.

O‘sishning asosiy qismi davlat tashqi qarzi hissasiga to‘g‘ri kelib ($33,72 mlrd), o‘tgan yil davomida unga $4 mlrddan ortiq mablag‘ qo‘shilgan. Ichki qarz ($6,47 mlrd) esa $1,19 mlrdga oshgan.

Davlat qarzining YaIMga nisbati 34,4%dan 35%ga oshdi. Bu Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiya qilgan 60% xavfsiz darajadan pastdir.

O‘tgan yilda tashqi qarzning asosiy qismi — 45%i ($15,29 mlrd) budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, yoqilg‘i-energetika sohasiga $5,74 mlrd (17%), qishloq va suv xo‘jaligi — $2,91 mlrd (9%), uy-joy kommunal xo‘jaligi — $2,85 mlrd)8%) hamda transport va transport infratuzilmasi $2,85 mlrd (9%) ajratilgan.

Bundan tashqari, davlat tashqi qarzining asosiy kreditori $7,64 mlrd bilan Jahon banki bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarda Osiyo taraqqiyot banki ($7,41 mlrd) hamda Xitoy taraqqiyot banki, Xitoy Eksimbanki ($3,76 mlrd) turibdi.

Mamlakat Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligidan $2,88 mlrd, OIIBdan $1,65 mlrd, Fransiya taraqqiyot agentligidan $977 mln hamda Islom taraqqiyot bankidan $944 mln jalb qilgan. Koreya Eksimbanki, Koreya Iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasidan jalb qilingan qarz $740 mlnni, XVJdan $669 mlnni tashkil etdi.

Keyingi o‘rinlardan Germaniya davlat banki ($415 mln), YTTB ($341 mln), Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ($139 mln) hamda Ispaniya davlat banki (jami $66 mln) joy oldi. Yana xalqaro obligatsiyalar egalaridan kelgan $4,1 mlrd mablag‘ bor.

O‘tgan yilning noyabr oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yilgi “Fuqarolar uchun budjet” loyihasida davlat qarzi 2024-yilda $39,7 mlrdni tashkil qilishi prognoz qilingandi. 2025-yilga kelib bu $45,1 mlrdni yoki YIMga nisbatan 36,7%ni tashkil etishi mumkin.

Avvalroq joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6%ga o‘sishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Davlat budjetining prognoz qilinayotgan taqchilligi YIMning 2%ini, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi esa 3%ni tashkil etadi.