Markaziy bank ma’lumotlarni boshqarish tizimini 2027-yilgacha ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 27-fevral kuni regulyator hamda KPMG tomonidan ma’lumotlarni boshqarish va taqdim etishning yangi modeliga o‘tish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan forumda loyihalar, jarayonlar va ma’lumotlarni boshqarish departamenti direktori Go‘zal Raximova ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Raximovaning so‘zlariga ko‘ra, “Avtomatlashtirilgan tahliliy axborot tizimi” (“Automated Data Reporting” ADR) yaratilishi Markaziy bank bilan tijorat banklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, ma’lumot almashish hamda tahlil qilish jarayonini osonlashtiradi.
Jahon banki texnik ko‘magi asosida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida banklar bilan ishlar olib borilmoqda. KPMG bu jarayonda bank mutaxassislariga o‘tish bosqichini amalga oshirish hamda tizimni ishga tushirishda yordam beradi.
“Albatta, Markaziy bank 2000-yillar boshlarida ham ma’lumotlarni olishning samarali tizimlarini yaratgan. Biroq, avvalgi va hozirgi ma’lumotlar hajmi o‘rtasida katta farq bor. Hozirda keng qamrovli tizimni ishlab chiqish boshlangan. Bu jarayonda biz avvalo ma’lumotlarni to‘plash bilan bog‘liq vaziyatni to‘liq o‘rganishimiz kerak edi”, — deydi u.
Go‘zal Raximovaning ta’kidlashicha, loyihani 2027-yilgacha ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Biroq bu davr ham platformani yaratish uchun juda qisqa muddatdir. “Rivojlangan davlatlar regulyatorlari ham bu kabi loyihalarni o‘nlab yillar davomida ishlab chiqishadi”, dedi loyihalar, jarayonlar va ma’lumotlarni boshqarish departamenti direktori.
Shuningdek, tizimni keyinchalik sun’iy intellekt bilan integratsiya qilish maqsad qilingan.
Foto: KPMG
KPMG Kavkaz va Markaziy Osiyo tashkilotining texnologik amaliyot bo‘yicha direktori Mixail Ivanets “Spot"ga loyiha qanday amalga oshirilayotgani haqida so‘zlab berdi. Unga ko‘ra platforma ikki bosqichda ishlab chiqilmoqda.
Birinchi bosqichda Markaziy bankda tartibga soluvchi va ichki ma’lumotlarni boshqarish jarayonlarining integratsiyalashgan modelini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichda esa ma’lumotlarni aniqlash, to‘plash, sifat nazorati, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish va vizuallashtirish jarayonlarini avtomatlashtiruvchi ADR tizimi ishlab chiqilib, joriy etiladi.
KPMG Kavkaz va Markaziy Osiyo texnologiya amaliyoti bo‘yicha hamkori Oksana Borisova esa ushbu tizimni yaratishda quyidagilar inobatga olinganini ta’kidladi:
- Markaziy bankka tartibga soluvchi ma’lumotlarni tayyorlash va taqdim etishda nazorat ostidagi tashkilotlarga yukni kamaytirish;
- nazoratni amalga oshirish uchun ma’lumotlarni yetarli darajada, sifatli va o‘z vaqtida olish;
- ma’lumotlarni uzatish va saqlashda xavfsizligini ta’minlash.
Borisova bunday yechimlar dunyo bo‘ylab regulyatorlar, jumladan, Angliya banki, Yevropa Markaziy banki, Singapur pul-kredit boshqarmasi, Yaponiya banki hamda Rossiya Markaziy banki tomonidan amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Markaziy bank mikroqarzlarning to‘liq qiymatini cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Mikroqarzlar bo‘yicha cheklangan stavka kuniga 0,3% dan 0,25% gacha pasaytirilmoqda. Muddatli to‘lav va lizing qarz yuki ko‘rsatkichida hisobga olinadi.