So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kontrafakt mahsulotlar muammosi tobora dolzarb tus olmoqda. 2024-yil iyun oyida Tashqi investitsiyalar va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda AQSh savdo vakili Ketrin Tay intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, mamlakatda kontrafakt mahsulotlarning ko‘payishiga qarshi kurashish masalasida hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.
Iqtisodiyotda kontrafakt mahsulotlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalaridan biri farmatsevtika tarmog‘i hisoblanadi. Mahalliy farmatsevtika kompaniyalari allaqachon dori-darmonlar kontrabandasi ustidan nazoratni kuchaytirish, javobgarlikni oshirish, tekshiruv reydlarini tezlashtirish hamda noqonuniy savdoda ishtirok etayotgan dorixonalar, tashkilotlarning “qora ro‘yxati"ni tuzish taklifi bilan chiqishgan.
Shu bilan bir qatorda, Adliya vazirligi intellektual mulk sohasining nazoratchi organi sifatida muntazam ravishda kontrafakt mahsulotlar aniqlangani haqida ma’lumotlarni taqdim etib kelmoqda. O‘tgan yili vazirlik ikki marta “Biseptol” va “Imudon” dori vositalarining noqonuniy muomalaga chiqishini oldini olgan: mahsulotlar yo‘q qilinib, qonunbuzarlar jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligiga soxta dori-darmonlar va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidagi qoidabuzarliklar bo‘yicha ogohlantirish ham yuborgan.
2024-yil dekabr oyida intellektual mulkdan g‘ayriqonuniy foydalanganlik uchun kompensatsiya to‘lash tartibini joriy etuvchi qonun kuchga kirdi. Shuningdek, 2025-yildan boshlab farmatsevtika mahsulotlari uchun marketingdan keyingi nazoratning yangi tartibi kuchga kirdi.
“Spot” Adliya vazirligi, “Legalmax” huquqshunoslik firmasi va “AstraZeneca” farmatsevtika kompaniyasi vakillari bilan intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalasi yuzasidan suhbatlashdi. Suhbat davomida kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish muammolari va mahalliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Bexzod Ruziyev,
Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i.
2024-yilda adliya organlari 1556 ta holatda intellektual mulk huquqlarini himoya qildi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan chorakdan ko‘proqqa o‘sdi. Shundan 107 tasi qonun buzilishining ehtimoliy oqibatlari haqidagi ogohlantirishlar, 552 tasi esa huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomalardir.
Masalan, agar kontrafakt tovar aniqlansa, tadbirkorga qoidabuzarlikni bartaraf etish uchun 30 kun beriladi. Agar buning iloji bo‘lmasa, kontrafakt mahsulotni yo‘q qilish talab etiladi.
Bundan tashqari, 162 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilgan va yuridik shaxslarga nisbatan 9 ta moliyaviy sanksiya qo‘llanilgan. Jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha (37,5−75 mln so‘m) bo‘lib, o‘tgan yili ularning umumiy summasi 412 mln so‘mni tashkil etdi. Qolgan holatlar sud jarayonlarida ishtirok etish, tovarni kontrafakt deb topish to‘g‘risidagi xulosalar va ekspert fikrlarini o‘z ichiga oladi.
Kontrafakt mahsulotlarga talab mavjudligini tushunish muhim. Chunki huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bilan suhbatlashganda, ular iste’molchilar mahsulotning soxta ekanligini bilsalar ham, arzonroq narxda sotib olishni xohlashlarini ta’kidlaydilar. Masalan, 10 ming so‘mlik asl shokolad batonchigi o‘rniga, nomi ozgina farq qiladigan 2000 so‘mlik o‘xshash mahsulotni afzal ko‘rishadi.
Asosiy vazifamiz — profilaktika. Biz kontrafakt nima ekanligini tushuntiramiz hamda axborot kampaniyalarini o‘tkazamiz. Ma’lumot uchun, har yili 15-fevraldan 15-martgacha “Kontrafaktsiz” oyligi o‘tkaziladi. Ushbu tadbir doirasida brifinglar tashkil etilib, savdo nuqtalarida kontrafakt mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilib, xaridorlarga asl nusxani qalbakilaridan farqlash imkonini beruvchi materiallar tarqatiladi.
Kontrafakt mahsulotlar ko‘pincha oziq-ovqat mahsulotlarida, ayniqsa shokolad va shirin ichimliklar, maishiy kimyoviy vositalar hamda dori-darmonlar orasida uchraydi. Fuqarolarimiz orasida oziq-ovqat va maishiy kimyoviy mahsulotlarga talab katta bo‘lib, iste’molchilarning aksariyatida intellektual mulk haqida huquqiy ong shakllanmagan. Ular asl mahsulot bilan kontrafakt o‘rtasidagi farqni anglab yetishmaydi.
Buning ustiga, nohalol ishbilarmonlar talabga qarab oson hamda tez pul ishlashni istashadi: o‘z brendlarini yaratish o‘rniga mavjudlaridan nusxa ko‘chirishadi. Masalan, taniqli brendning nomi biroz o‘zgartirishadi, bu esa iste’molchilarning chalg‘ishiga olib keladi.
Qoidabuzarlikka munosabat
Intellektual mulkni davlat organlari tomonidan himoya qilish uchun huquq egalari tomonidan ariza berilishi zarur. Biroq, huquq egalarining har doim ham savdo nuqtalarini tekshirish imkoniyati mavjud emas. Shu bilan birga, Adliya vazirligi va bojxona organlari kabi huquqni muhofaza qiluvchi organlar kontrafakt tovarlarni aniqlash vakolatiga ega.
Bundan tashqari, 2024-yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi kontrafakt tovarlarni nazorat xaridi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Adliya vazirligi xodimi kontrafakt mahsulotni aniqlasa, uni sotib olib, fiskal chekni saqlaydi va bu haqda huquq egasini xabardor etadi. Agar huquq egasi huquqbuzarlikni tasdiqlasa va ariza taqdim etsa, shu asosda adliya organlari tegishli choralarni ko‘radi.
Kontrafaktga qarshi barcha choralar faqat huquq egasining arizasi asosida amalga oshirilishi mumkin. Bu Yevropa mamlakatlaridan farq qiladi, chunki u yerda politsiya va bojxona organlari kontrafakt mahsulotlarni mustaqil ravishda musodara va yo‘q qilish huquqiga ega. O‘zbekistonda esa kontrafakt mahsulotlarni faqat sud qarori bilan olib qo‘yish mumkin.
Masalan, Adliya vazirligi qonunbuzarlikni aniqlasa, qonunchilikka muvofiq tadbirkorga uni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun 30 kun muhlat beriladi. Agar tadbirkor bu muddatda qonunbuzarlikni bartaraf etmasa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, sudga yuboriladi. Sud esa kontrafakt mahsulotlarni musodara qilish va yo‘q qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligi yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha (37,5−75 mln so‘m) miqdorida moliyaviy sanksiyalar qo‘llash huquqiga ega. Agar jarima bir oy ichida to‘lanmasa, ish sudga oshiriladi. Bundan tashqari, Adliya vazirligi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, tashkilot uning ustidan sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
Huquq egalari tomonidan yuborilgan murojaatlar qonunchilikka muvofiq 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar ko‘proq vaqt talab etilsa, ko‘rib chiqish muddati bir oygacha uzaytirilishi mumkin. Hujjatlar qabul qilingandan so‘ng, huquq egasidan aniq qonunbuzarliklar haqida ma’lumot so‘raymiz. Masalan, fotosuratlarni taqdim etishlari, agar bo‘lmasa o‘zimiz nazorat xaridi o‘tkazishimiz mumkin.
Keyin bir necha parametrlar bo‘yicha ekspertiza o‘tkaziladi: fonetik, vizual va tovarning maqsadiga ko‘ra, ya’ni tovarlar va xizmatlarning xalqaro tasnifi (TXXT) kodlari bo‘yicha. Agar chalkashtirishga olib keladigan darajada o‘xshashlik aniqlansa, ushbu tovar belgisining O‘zbekistonda huquqiy muhofazaga ega ekanligini tekshiramiz. Agar tovar kontrafakt deb topilsa, Biznes-ombudsmanni xabardor qilamiz hamda qoidabuzar tadbirkorni tekshirish choralarini ko‘ramiz.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish maqsadida Adliya vazirligi 2024-yilda Bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Soliq qo‘mitasi bilan memorandum tuzdi. Agar Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti yoki bojxona organlari qalbakilashtirilgan mahsulotni aniqlasa, u holda Adliya vazirligi intellektual mulk huquqlari buzilganligini tekshiradi. Kelajakda Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi bilan ham shunday memorandum tuzishni rejalashtirganmiz.
Kontrafakt tovarlarni yo‘q qilish sud qarori asosida amalga oshiriladi. Yo‘q qilish jarayoni esa tegishli organlar tomonidan bajariladi.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar
2020-yildan keyin intellektual mulk sohasida 20dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, intellektual mulk huquqi ilk bor yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlandi. Qonunning 53-moddasiga ko‘ra, har kimga ilmiy, texnik va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi, intellektual mulk esa qonun bilan muhofaza qilinadi.
2024-yilda Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar tufayli AQSh Savdo vakili idorasi (USTR) aprel oyida 2000-yildan buyon birinchi marta O‘zbekistonni intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha “qora ro‘yxat"dan chiqardi.
Bojxona sohasida AQSh intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, jumladan kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish bo‘yicha e’tirozlar bildirgan edi. Ilgari huquq egasi tovarni o‘zi kuzatib borishi va kontrafakt mahsulotlarning kirib kelish yo‘llarini aniqlashi kerak bo‘lgan, shundan so‘nggina Bojxona qo‘mitasi tegishli choralar ko‘rardi.
Endilikda bojxona organlari kontrafakt tovarni aniqlash va bu haqda huquq egasini xabardor qilish orqali bu bilan faol shug‘ullanmoqda. Shu bilan birga, ular mahsulotni 10 kun davomida bojxona hududida ushlab turishlari mumkin, ammo bu muddat 20 kungacha uzaytirilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng huquq egasi sudga murojaat qilishi mumkin, u kontrafaktni yo‘q qilish yoki uni reeksport qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Bundan tashqari, sentyabr oyida “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi va 12-dekabr kuni kuchga kirdi. Bu huquq egasiga Adliya vazirligi tomonidan huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, zarar yetkazilganligidan qat’i nazar, BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha bo‘lgan miqdorda kompensatsiya olish uchun sudga murojaat qilish imkonini beradi.
Intellektual mulk huquqlarining buzilishi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bilan ko‘plab sudlar shug‘ullanmoqda. Taraflardan biri Adliya vazirligining qaroriga rozi bo‘lmasa, ishni ma’muriy sud, zararni qoplash bo‘yicha iqtisodiy sud, ma’muriy ishlar bo‘yicha esa jinoyat sudi ko‘rib chiqadi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, ko‘plab mamlakatlarda patent sudlari faoliyat yuritmoqda.
Kelajakdagi rejalar
Ayni paytda Jinoyat kodeksining 149−1 “Mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish” moddasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda, unda tovar belgilarini takroran buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Qoidabuzarlik kontrafakt tovarning yirik partiyasiga taalluqli bo‘lsa, u holda ham jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Birinchi va ikkinchi qonunbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi, keyingi holatlarda esa jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Ammo agar qonunbuzarlik katta miqdordagi qalbaki mahsulot bilan bog‘liq bo‘lsa, jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Shunday qilib, atayin qonunni buzayotgan korxonalar jazoga tortiladi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish niyati ham intellektual mulk sohasidagi o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. JST talablaridan biri — intellektual mulk huquqlariga rioya qilishdir.
JSTga a’zo bo‘lganimizda, barcha asl brendlar va mahsulotlar respublikamizga olib kiriladi, shu bois ular davlat himoyasida bo‘lishi lozim. Shu munosabat bilan hozirda me’yoriy-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
JSTga a’zo bo‘lish uchun qonunchiligimizni xalqaro me’yorlarga moslashtirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Huquqbuzarliklar uchun tovon to‘lash va jinoiy javobgarlikni joriy etish ushbu islohotlarning bir qismi hisoblanadi. Agar jinoiy javobgarlikni joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tasdiqlansa, O‘zbekiston intellektual mulk sohasida JSTga a’zo bo‘lishga tayyor bo‘ladi.
Shuningdek, hozirda intellektual mulk sohasida sun’iy intellektni qo‘llash ustida ham ish olib boryapmiz. Kontrafaktni aniqlash jarayonini tezlashtiradigan dasturlarni ko‘rib chiqyapmiz. AQShda, masalan, tovar belgilarini tekshirishga mo‘ljallangan dasturlar bor. O‘zbekistonda ham shunday tizim yaratishni rejalashtiryapmiz: Adliya vazirligi kontrafakt mahsulotlarning ma’lumotlar bazasini yaratmoqda. Unga 20 mingdan ortiq aniqlangan qoidabuzarlik holatlari kiritiladi. Agar kimdir shunday mahsulot aniqlansa, u tizim orqali avtomatik ravishda tekshiriladi. Mahsulot bazada topilmagan taqdirda, takroriy murojaatlardan so‘ng biz uni tekshirib, ro‘yxatga qo‘lda kiritib qo‘yamiz.
Muxammadali Maxmudov,
patent vakili, advokat va “Legalmax” yuridik firmasining boshqaruvchi sherigi.
Kontrafakt intellektual mulk huquqlarini buzishning bir ko‘rinishidir. Huquqbuzarliklarning turli xillari mavjud bo‘lib, kontrafakt shulardan biri, xolos.
Kontrafakt haqida gapiradigan bo‘lsak, qonunchilikda aniq ta’rif berilishiga qaramasdan, davlat idoralari va biznes hali-hanuz bu tushunchani turlicha talqin qilib kelmoqda. Bu, shubhasiz, intellektual huquqlarni himoya qilishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va mahsulot kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida"gi qonunning 27-moddasiga muvofiq, tovar belgisidan yoki unga o‘xshash belgilardan qadoqlash, etiketkalash, ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish jarayonida har qanday noqonuniy foydalanish kontrafakt mahsulot hisoblanadi.
Kontrafakt quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:
- asl ishlab chiqaruvchi tomonidan yaratilmagan soxtalashtirilgan mahsulot;
- asl mahsulot bilan adashtirib yuborish darajasidagi o‘xshash mahsulotlar (masalan, o‘xshash qadoqlash yoki nomdagi sezilmas darajadagi farqlar);
- mamlakatga huquq egasining roziligisiz olib kirilgan asl tovarlar (parallel yoki kulrang import).
Afsuski, O‘zbekistonda kontrafakt mahsulotlar hajmi kamaymayapti, biroq ularning tuzilishi va xususiyati o‘zgarmoqda. Buning asosiy sababi — noqonuniy importni to‘xtatish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmaganidir. Bu nafaqat mulk egasi uchun, balki butun jamiyat va davlat uchun ham katta muammo hisoblanadi.
Masalan, ayrim turdagi tovarlarga belgilangan bojxona to‘lovlarining nomutanosib yuqori stavkalari sababli asl ishlab chiqaruvchilar yoki distribyutorlar mahsulotni mamlakatga olib kirishda boj va soliqlarni to‘lash orqali sezilarli iqtisodiy xarajatlarga uchraydilar. Shu bilan birga, kontrafakt mahsulot ishlab chiqaruvchilari va tarqatuvchilari, odatda, qonuniy faoliyat doirasidan tashqarida qolib, bu xarajatlardan chetlab o‘tadilar. Buning sabablari, shubhasiz, ma’lum.
Bu korrupsiya tarkibiy qismini yaratadi hamda yashirin iqtisodiyot hajmini oshirib, mahalliy ishlab chiqarishning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada budjetga tushumlar kamayib, ish o‘rinlari yaratilishi sekinlashadi. Kontrafakt mahsulotlar asl nusxadan arzonroq, ammo ularning sifati ham ancha past bo‘lib, bu iste’molchilarga zarar yetkazishi mumkin.
Bundan tashqari, bojxona sohasidagi bashorat qilib bo‘lmaydigan siyosat asl ishlab chiqaruvchilar yoki distribyutorlarning yetkazib berishni kamaytirishiga va bozorning noqonuniy import bilan to‘lishiga olib kelmoqda. Bu, ayniqsa, talab eng yuqori bo‘lgan davrlarda, masalan, Yangi yil arafasidagi dekabr oyida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, xorijiy kompaniyalar mamlakatdagi faoliyatini qisqartirishga majbur bo‘ladi. Buning oqibatida ish o‘rinlari kamayib, soliq tushumlari pasayadi va fuqarolar sog‘lig‘iga xavf ortadi. Bu ayniqsa iste’mol mollari va dori-darmonlarga taalluqli hisoblanadi.
Kulrang importdan nafaqat xorijiy kompaniyalar, balki mahalliy korxonalar ham zarar ko‘rmoqda. Ommaviy parallel import milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun rag‘batlarni yo‘qqa chiqardi. Sababi, noqonuniy yo‘l bilan kiritilgan mahsulotlar ko‘pincha mamlakat ichida ishlab chiqarilgan tovarlarga qaraganda arzonroq bo‘ladi. Qonuniy faoliyat yurituvchi kompaniyalar xomashyo, bojxona to‘lovlari, ish haqi va soliqlar bo‘yicha xarajatlarni o‘z zimmalariga olishgan. Kulrang importchilar esa shunchaki mahsulotni arzon narxda olib kelib, tezda sotib yuboradilar.
Qisqa muddatda parallel import bozorni to‘yintirib, iste’molchilar uchun manfaatli bo‘lishi mumkin. Biroq uzoq muddatli istiqbolda bu ish o‘rinlari yaratish, sarmoyalarni jalb etish hamda barqaror soliq tushumlarini ta’minlash kabi iqtisodiy rivojlanish maqsadlariga zid keladi. Hozirda bu muammoga e’tibor tobora ortmoqda. Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va nazoratni kuchaytirish vaziyatni o‘zgartirishga yordam beradi, deb umid qilamiz.
Kontrafakt mahsulotlarni ichki ishlab chiqarish alohida muammo hisoblanadi. Uning omalashishiga asosiy sabab qonunbuzarlarda o‘z harakatlari uchun haqiqiy jazo olish xavfi va javobgarlikning muqarrarligini his etmaslik singari jazosizlik tuyg‘usi mavjudligida.
Odatda ro‘yxatdan o‘tmagan, soliq to‘lamaydigan va huquqiy maydon yoki tashkiliy tuzilmadan tashqarida faoliyat yuritadigan qalbaki ishlab chiqarish korxonalarini aniqlash juda mushkul. Bu jinoiy guruh bo‘lib, ularni aniqlash qiyinligi sababli ular bu faoliyat bilan shug‘ullanishda davom etadilar. Qonunbuzarlar qidiruv ishlari, huquqbuzarliklarni qayd etish va nazorat xaridlarini o‘tkazish uchun normativ-huquqiy bazaning yetarli darajada mavjud emasligidan foydalanmoqda.
Biroq, bugungi kunda qonunbuzarlarga qarshi kurashda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Misol uchun, 2024-yil dekabr oyidan boshlab O‘zbekistonda tovar belgilariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun kompensatsiya mexanizmi joriy etildi. Endi huquqi buzilganlar sud orqali katta miqdordagi mablag‘larni talab qilishlari mumkin. Agar sudlar ushbu qonunni izchil qo‘llasa, huquqbuzarliklar ko‘lami kamayishi mumkin.
Kontrafakt mahsulotlar muammosi ommaviy xususiyatga ega, chunki u talab bo‘lgan hamma joyda paydo bo‘ladi. Kontrafaktdan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalar orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
- farmatsevtika;
- iste’mol tovarlari (FMCG);
- import qilinayotgan va mamlakat ichida ishlab chiqarilayotgan maishiy kimyo.
Bu qurilish materiallari va alkogol mahsulotlariga ham tegishlidir. Davlat muammo ko‘lamiga yetarlicha baho bermaguncha mamlakat budjeti va iqtisodiyotiga zarar yetishda davom etadi, iste’molchilarning hayoti va salomatligi xavf ostida qoladi.
Mamlakatga olib kirish va ishlab chiqarish oson bo‘lgan barcha narsalar kontrafakt mahsulotlar xavfiga duchor bo‘ladi. Bundan yuqori texnologiyalar va qo‘shimcha qiymati yuqori bo‘lgan tovarlar mustasno, chunki ularni qo‘lbola sharoitida ishlab chiqarish qiyin. Tovarlar va xizmatlar huquqbuzarliklar obyekti bo‘lish xavfiga bir xil darajada uchraydi.
Qonunchilik va huquqni qo‘llash
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilik, umuman olganda, ancha taraqqiy etgan bo‘lib, mavjud munosabatlarni tartibga soladi. Mamlakatimizning muammosi huquqiy tartibga solishning yetishmasligida emas, balki ko‘proq mavjud qonunlarning to‘liq bajarilmasligidadir. Bu qonunchilik xalqaro huquq me’yorlarga asoslangan bo‘lib, xalqaro intellektual mulk tizimining asoslariga mos keladi.
Muammo uning dolzarbligida emas, balki ijro etilish darajasida: sudyalar korpusini tayyorlashdan tortib to jamiyatning huquqiy madaniyatigacha. Qonun yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo uning samaradorligi qanday qo‘llanilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Amaldagi qonun takomillashtirishni talab qilsa-da, uning hozirgi qoidalari asosiy vazifalarni bajarish uchun yetarli. Biz qonunchilikni yaxshilash bo‘yicha muntazam ravishda takliflar kiritamiz, biroq ular har doim ham to‘liq qabul qilinmaydi yoki amalga oshirilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Misol uchun, biznes hamjamiyati o‘zgarishlarni muhokama qilishda Amerika va Yevropa savdo palatalari orqali faol ishtirok etmoqda.
Muammo kompleks xususiyatga ega, chunki u iqtisodiy voqelik, turli guruhlarning manfaatlari, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotining zaifligini o‘z ichiga oladi. Biz JSTga a’zo bo‘lish doirasida qonunchilikni unifikatsiya qilishga harakat qilmoqdamiz. Bu normativ yo‘l bilan amalga oshiriladigan, ammo huquqni qo‘llashning barcha masalalarini hal qilmaydigan o‘zgarishlarni talab qiladi.
Intellektual huquqlar buzilishi aniqlanganda kompaniya faqat Adliya vazirligiga emas, balki boshqa organlarga ham murojaat qilishi mumkin. Bu masalada ishga jalb qilishda Adliya vazirligi yagona organ emasligini tushunish muhim. Shubhasiz, vazirlik asosiy rol o‘ynaydi: u tekshiruvlar va nazorat xaridlarini o‘tkazish uchun protsessual imkoniyatlarga ega. Biroq, ba’zi hollarda prokuratura yoki Ichki ishlar vazirligi singari boshqa davlat organlari ham jalb etilishi mumkin. Bu kompaniya kutayotgan yakuniy natijaga bog‘liq: agar maqsad kontrafaktni butunlay yo‘q qilish bo‘lsa, kompleks yondashuvni qo‘llash zarur. Ko‘p hollarda Adliya vazirligiga murojaat qilish birinchi qadam bo‘lishi mumkin, ammo keyingi harakatlar kompaniyaning maqsadlariga bog‘liq.
Huquqlarni himoya qilish mexanizmlari mavjud, ammo bu amalda qanday ishlashi murakkab masala bo‘lib, men bunga to‘liq javob bera olmayman. Qonunchilik imkoniyatlar yaratadi, biroq bu har doim ham tezkor natijani kafolatlamaydi.
Barcha harakatlar muvofiqlashtirilib, har bir qadam puxta o‘ylab qo‘yilishi lozim. Ba’zi hollarda, agar masalani shu yo‘l bilan hal qilish imkoni bo‘lsa, faqat prokuratura organlariga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Shuni anglash muhimki, agar shunchaki ariza topshirib, javobi kutib o‘tirilsa, rad javobi yoki quruq va’daga duch kelish ehtimoli bor. Bu ustida jiddiy ishlash kerak bo‘lgan katta muammodir.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishning belgilangan muddatlarida rad javobini olish mumkin. Ba’zi hollarda muddatlarni uzaytirish, ammo kerakli natijaga erishish mumkin. Muammo shundaki, ijro hokimiyati organlari, sudlar va huquqni muhofaza qilish idoralarida mutaxassislar yetishmaydi, kadrlar tanqisligi hamma joyda kuzatilmoqda. Faqat bitta mansabdorning fikriga tayanib qolish noto‘g‘ri, u bilan har tomonlama ishlash, ekspertlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar uyushtirish zarur. Faqat shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
Agar Adliya vazirligi murojaatni qanoatlantirishni rad etgan bo‘lsa, qoidabuzarlikka turli nuqtayi nazardan yondashish mumkin. Masalan, intellektual mulk nuqtai nazaridan, nohalol raqobat, ma’muriy yoki jinoiy huquqbuzarliklar, ba’zi hollarda esa ularning kombinatsiyasi. Har qanday murojaatga, qoida tariqasida, ekspert xulosasi, qoidabuzarlik faktlari yoki jamoatchilik fikri tayyorlanishi talab etiladi. Intellektual mulkni buzish ko‘pincha soliq, sanitariya yoki ishlab chiqarish kabi boshqa huquqbuzarliklar bilan bog‘liq. Shuning uchun kompleks yondashish va barcha jihatlarni hisobga olish muhimdir.
Davlat organlari qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish mumkin. Bu ish ma’muriy sudlar orqali yoki mahalliy organlar qarori ariza beruvchi fikricha qonunga zid bo‘lsa, yuqori turuvchi organlarga murojaat qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Masalaga individual yondashish va nafaqat mulk egasi, balki insofsiz tomon ham har qanday qarorga e’tiroz bildirish imkoniyati mavjudligini hisobga olish muhimdir. Eng asosiysi, sudning prinsipial va to‘g‘ri pozitsiyasi, chunki so‘nggi so‘z har doim ularga tegishli bo‘lib, bu intellektual huquqlarni himoya qilish tizimidagi zaif bo‘g‘inlardan biri bo‘lishi mumkin.
Adliya vazirligining qarorlari so‘nggi bosqichdagi mutlaq haqiqat emas. Huquqbuzarlar ko‘pincha Adliya vazirligining ko‘rsatmalariga qaramasdan, o‘zlarining qonunga xilof harakatlarini davom ettiradilar. Huquqbuzarlik berilgan ko‘rsatmalarga qaramay davom etishi mumkin, shuning uchun bunday hollarda, albatta, boshqa ta’sir choralarini ko‘rish zarur.
Intellektual mulk huquqlarining buzilishini bartaraf etish va kontrafakt mahsulotlarni yo‘q qilish muammosi — bu qonun chiqaruvchilar ishlashi kerak bo‘lgan masala. Davlat organlarining o‘zlari ko‘pincha kontrafakt mahsulotlarni yo‘q qilish bilan kim shug‘ullanishi kerakligini bilmaydilar. Ayrim hollarda uni sud ijrochilari Majburiy ijro byurosi orqali sud qarorlari asosida yo‘q qiladilar. Ammo muammo shundaki, bu borada reglament va batafsil yo‘riqnomalar mavjud emas. Masalan, qandolat mahsulotlari bir usulda, dori-darmonlar esa butunlay boshqa usulda yo‘q qilinadi. Bu mexanizmlarning yetishmasligi mahsulotning ko‘pincha yo‘q qilinmay, omborlarda qolib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan kontrafakt mahsulotlarni bozorda qayta sotmoqchi bo‘lingan holatlar ham bo‘lgan.
Kontrafaktga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar
Birinchisi — qonun ustuvorligini ta’minlash. Garchi bu balandparvoz va keng qamrovli fikr bo‘lsa-da, qonun ustuvorligisiz boshqa narsa haqida gapirish befoydaligi sababli muhimdir. Bu nafaqat sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunlarning qo‘llanilishini, balki bu huquqlarni amalda ro‘yobga chiqarish imkoniyatini ham o‘z ichiga olishi kerak.
Ikkinchi taklif milliy qonunchilikni takomillashtirish va kuchaytirishga qaratilgan. Xususan, huquqbuzarlarga nisbatan ta’sirchan va qat’iy mulkiy javobgarlik choralarini joriy etish zarur. Bu yo‘nalishda dastlabki qadamlar qo‘yilgan.
Uchinchi mulohaza kontrafakt mahsulotni ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan qonunga xilof harakatlar majmui uchun jinoiy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutadi.
Ushbu choralarning barchasi birgalikda jazoning muqarrarligi bilan birga vaziyatni yaxshilashga olib kelishi mumkin. Eng muhimi — to‘g‘ri amaliyotni yaratish kerak, buning uchun esa asosiy omil bo‘lgan siyosiy iroda zarur.
Bundan tashqari, sud tizimi muhim rol o‘ynaydi, bu yerda taraqqiyot ham, kamchiliklar ham mavjud. Pirovard natijada qarorlar har doim sudlar tomonidan qabul qilinadi va har qanday protsessual harakatlar sud muhokamasining predmeti bo‘lishi mumkin. Sud mutaxassislarining tayyorgarlik darajasi va sud hujjatlari sifati Toshkent shahri va hududlarga qarab juda farq qiladi. Sud tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, sudlarning mustaqilligi masalasi ochiq qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, biznes hamjamiyati bu sohadagi ijobiy o‘zgarishlarning eng kichik belgilarini ham doimo katta ishtiyoq va mamnuniyat bilan kutib oladi.
Aleksey Teteryuk,
“AstraZeneca” xalqaro biofarmatsevtika kompaniyasining O‘zbekistondagi davlat organlari bilan ishlash va dori vositalarini bozorga chiqarish bo‘yicha menejeri.
Ayni paytda O‘zbekistonda farmatsevtika bozori to‘liq tartibga solinmagan. Qonunchilikning nomukammalligi nohalol ishtirokchilarga qalbakilashtirilgan mahsulotni ishlab chiqarish va sotish hamda kontrabanda dori vositalarini mamlakatga jiddiy sanksiyalarsiz olib kirish imkonini beradi.
Yana bir sabab narx masalasi — qalbaki dorilar asllariga nisbatan arzonroq, chunki ular arzon xom-ashyolardan tayyorlanadi va mamlakatga hech qanday import bojlari to‘lanmasdan kirib keladi. Shuning uchun dorixonalar buni savdoning foydali usuli deb hisoblab, noqonuniy mahsulotni jazodan qo‘rqmasdan savdoga chiqaradi.
O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari noqonuniy savdosi bozorning qancha qismini tashkil etishini aniq baholay olmaymiz. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, mahsulotlar soni bir necha milliondan 10 mln donagacha o‘zgarib turadi. Bu xavotirli statistika, chunki kontrafakt odamlar sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diradi.
Muntazam ravishda kompaniyamizga tegishli dori-darmonlarning bojxona nazoratini chetlab o‘tib, mamlakatga noqonuniy olib kirilishi holatlari bilan to‘qnash kelamiz. Qadoqlash asl doriga juda o‘xshash bo‘lsa-da, aslida bu kompaniyaning dori vositasi emas bo‘lgan hollarga kamdan kam duch kelamiz. Unda ta’sir etuvchi modda yo‘q yoki u ancha arzonroq boshqa modda bilan almashtirilgan bo‘ladi. Garchi bu eng xavfli turdagi noqonuniy mahsulot bo‘lsa-da, shuni ta’kidlash joizki, kontraband yo‘l bilan (mamlakatga noqonuniy olib kirilgan) va soxtalashtirilgan (noqonuniy ishlab chiqarilgan) mahsulotlarning har ikkisi ham inson salomatligi uchun xavf tug‘diradi.
Kontrafakt xavfi
Avvalo, inson salomatligiga jiddiy tahdid haqida gapiryapmiz. So‘z kontrabanda dori vositalari haqida ketsa, ular dorixonalarga haroratni saqlash va tashish shartlariga rioya qilinmasdan, ko‘pincha noqonuniy ravishda chemodanlarda yoki qo‘l yuki bilan olib kiriladi.
Dorilarning barqarorlik muddati bor va ular ma’lum harorat sharoitida saqlanmasa, zaharli moddalar ajralib chiqishi bilan parchalanish xavfi mavjud. Bu, ayniqsa, O‘zbekistonning iqlim sharoitlarini hisobga olganda, jiddiy muammodir. Bunday dorilar dorixonalarga tushgach, insonlar salomatligiga katta xavf tug‘diradi.
Qalbakilashtirish holatida biz soxta mahsulot haqida gapiryapmiz. Hatto dorixonadan bunday dorilarni xarid qilayotganda ham odamlar ularning qayerda va qanday sharoitlarda ishlab chiqarilganini bilishmaydi: ular tarkibida xavfli yoki shunchaki ta’sirsiz moddalar bo‘lishi mumkin. Bunday dorilar kasallikni davolay olmaydi, aksincha, ularni iste’mol qilish natijasida ahvol yomonlashishi, nogironlik yoki hatto o‘lim xavfi yuzaga kelishi mumkin.
Bunday mahsulotlarning sotish manbayi asosan kontrafakt va kontrabanda dori vositalari asl dorilar bilan bir qatorda sotiladigan oddiy dorixonalar hisoblanadi. Ammo qalbaki dorilar tushunarli sabablarga ko‘ra arzonroq bo‘ladi, bu esa ularni bunday dorilarning kelib chiqishini bilmaydigan xaridorlarni o‘ziga jalb qiladi. Bularning barchasi salbiy hodisalarga sabab bo‘lib, ommaviy zaharlanishlarga olib kelishi mumkin. O‘zbekistonda shunga o‘xshash misollarni bir necha yil oldin kuzatgan edik.
Bundan tashqari, bozordagi kontrabanda va kontrafaktning katta hajmi ishlab chiqaruvchilar uchun investitsion jozibadorlikni pasaytiradi. Tartibga solishning yetarli emasligi sharoitida farmatsevtika kompaniyalari uchun yangi dorilarni bozorga chiqarish iqtisodiy jihatdan xavfli bo‘lib qolmoqda. Chunki, shifokorlarni o‘qitish, bemorning yo‘nalishini o‘rganish va tashxisni qo‘llab-quvvatlash xarajatlari o‘zini oqlamasligi mumkin. Sababi ishlab chiqaruvchilar amalda arzon soxta va qalbaki mahsulotlar bilan raqobatlashishga majbur bo‘ladilar.
Intellektual mulk huquqlarining muhofaza qilinishi
Ko‘rib turibmizki, muammo davlatning diqqat markazida bo‘lib, uning yechimini topishga intiladi. Ma’lumki, dorixonalarda muntazam reydlar o‘tkazilmoqda: noqonuniy mahsulotlar olib qo‘yilib, yo‘q qilinadi.
Bundan tashqari, qonunchilik darajasida bir qator yechimlar mavjud. Yaqin kelajakda mamlakatda bemorlar dori qabul qilgandan so‘ng yuzaga kelgan nojo‘ya hodisalar haqidagi xabarlarni qabul qilish va qayta ishlash bo‘yicha davlat tizimi yaratiladi. Shuningdek, hukumat dorixonalarga iste’molchilarni sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash uchun mas’ul tashkilot maqomini berdi. Dorixonalar dori-darmonlar sifatiga qo‘yilgan talablarga rioya etilishi to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar berishi shart bo‘ldi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi tomonidan farmatsevtika mahsulotlarini tartibga solishning yangi mexanizmi — marketingdan keyingi nazoratni yo‘lga qo‘yilmoqda. Vaqti-vaqti bilan regulyator mahsulot sifatini va uning texnik me’yorlarga muvofiqligini tekshirish uchun fuqaroviy muomalada bo‘lgan preparatlarning nazorat xaridini amalga oshiradi.
Intellektual mulkni himoya qilish haqida gapiradigan bo‘lsak, ayni paytda O‘zbekiston hukumati tomonidan patent huquqining “kulrang zonalari"ni minimallashtirish va innovatsion ilg‘or farmatsevtika texnologiyalarini ishlab chiqaruvchilarni respublika bozoriga faolroq kirishga rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni optimistik baholaymiz, ammo ayni paytda patent qonunchiligini muvozanatlash uchun hali ko‘p ish qilishimiz kerak.
O‘zbekistonda patent huquqiga rioya qilishning asosiy muammosi — qonunchilik darajasida tartibga solinmagan parallel import. Bu boshqa mamlakatlardan dori vositalarini huquq egasining roziligisiz olib kirish imkoniyati saqlanib qolishini anglatadi. Shu sababli dori vositalari bojxona chegarasidan o‘tmasdan, sertifikatlashtirilmasdan, sovuqlik zanjiriga rioya qilmasdan to‘siqsiz olib kirilib, dorixonalarning tokchalariga sifat nazorati buzilgan holda tushadi, bu esa xaridorlar salomatligiga katta xavf tug‘diradi.
Biz qonunchilik bojxona organlarining huquq egasining shikoyatini kutmasdan kontrabandani to‘xtatishga ruxsat berish orqali proaktiv yondashuvga hissa qo‘shishi tarafdorimiz.
Kompaniya o‘z mahsulotlarining bozorda aylanishini diqqat bilan kuzatib boradi. Boshqa qadoqlangan dori-darmonlar haqida ma’lumot olganimizda, xorijdagi hamkasblarimiz yordamida qadoqning seriya raqami va fotosurati orqali uning aslligi va O‘zbekistonga qaysi davlatdan kelganligini tekshiramiz. Qalbaki yoki kulrang import qilingan taqdirda, biz bu haqda regulyatorga xabar beramiz. Bozorda kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish uchun davlat organlari bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, dori-darmonlarimiz kontrafakti va kontrabandasi holatlari qayd etilgan holatlarda regulyator bilan muloqotda bo‘lamiz.
Raqamli qadoqlash va tizimli yondashuv
Dori-darmonlarni raqamli qadoqlashni joriy etish xavfli mahsulotlardan himoyalanishning muhim chorasi hisoblanadi. U preparatlarning o‘ziga xosligini tasdiqlab, to‘g‘ri ishlab chiqarilganligini va olib kirilganligini anglatadi. Bu esa ular fuqarolar uchun xavfsizligini anglatadi. Ammo dori vositasi dorixonadan chek berilgan holda sotib olingan taqdirdagina raqamli qadoqlash ish beradi.
Shunday bo‘lsa-da raqamli qadoqlashning faqat o‘zigina bozorni to‘liq shaffof qila olmaydi. Davlatning har tomonlama ishlashi, jumladan, har qanday sertifikatlanmagan va sifatsiz dori vositalarini olib kirish nuqtai nazaridan qonunchilikni kuchaytirishi talab etiladi.
O‘zbekiston bozoridagi kontrafakt va kontrabanda hajmi shuni ko‘rsatadiki, masalani tizimli ravishda, birinchi navbatda, dorixonalar bilan hal qilish kerak: bunday mahsulotni sotish ularga foyda keltirmasligi kerak. Xususan, kontrabanda yoki qalbakilashtirilgan mahsulotlarni sotish holatlari aniqlansa, dorixonalardan litsenziyani qaytarib olish kerak, deb hisoblayman. Misol tariqasida Rossiya va Qozog‘iston tajribasini keltiradigan bo‘lsak, bu yerda dorixonalar sifatsiz mahsulotlar sotuvi kichik hollarda ham jiddiy oqibatlarga olib kelishidan xabardor.
Ehtimol, tovar belgilariga bo‘lgan mutlaq huquqni qasddan va muntazam ravishda buzib kelayotgan, xususan, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, olib kirish va sotish bilan shug‘ullanayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etishni ko‘rib chiqish kerakdir. Bugungi kunda ma’muriy javobgarlik faqat jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanilib kelmoqda: ushbu huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori ham juda kam. Agar mahsulot noqonuniy olib kirilgan va foydalanilgan, keyin olib qo‘yilgan va yo‘q qilingan bo‘lsa, qonunda nazarda tutilgan moddiy jarimalar minimal darajada bo‘ladi.
Javobgarlik doirasini kengaytirish zarur, chunki kontrafakt mahsulotlarni nafaqat yuridik shaxslar, balki ayrim fuqarolar ham chet eldan sotib olib, O‘zbekistonga olib kirishi mumkin.
Takror aytaman, ishlab chiqaruvchining murojaatini kutib o‘tirmasdan, bir vaqtning o‘zida import qilish va bojxona organlarining dori-darmonlar kontrabandasiga proaktiv munosabat bildirish masalasini ham tartibga solish muhim.