Avvalroq prezident xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan joriy yil oxirigacha ustav kapitalida davlat ulushi 50% dan yuqori bo‘lgan banklarda ko‘rsatilayotgan masofaviy xizmatlar hajmini 30% gacha oshirish belgilandi.
Mahalliy avtomashina ishlab chiqaruvchi korxonalarga avtomobillar uchun to‘lov qilishda beriladigan chegirmalar avtokredit orqali xarid qilishga ham tatbiq etiladi va banklarga bu chegirmani qabul qilishga ruxsat beriladi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov va “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov joriy yilning mart oyigacha bu bo‘yicha ishlarni amalga oshirishga mas’ul etib belgilandi.
Kredit olish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida Markaziy bank raisiga Adliya vaziri Akbar Toshqulov bilan, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida sentabr oyigacha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi berildi.
Buning uchun Markaziy bank huzuridagi “Garov reyestri” ma’lumotlar bazasi Adliya vazirligining ma’lumotlar bazasiga (zarur hollarda boshqa idoralarning ma’lumotlar bazasiga) integratsiya qilinadi.
Moliyaviy xizmatlar bo‘yicha banklar ishtirokidagi garov yoki ipoteka shartnomalarini rasmiylashtirishni notarial idoraga kelmasdan garov (ipoteka) narsasiga onlayn taqiq qo‘yish va yechish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
7-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘plab avtosalonlar avtomobil xaridi uchun pul to‘liq to‘lansa chegirma berishi, biroq banklar avtokredit berishda bu chegirmani qabul qilmasligi qayd etilgandi.
Prezident ularga chegirma qabul qilishga ruxsat berilsa, kredit stavkasi 4% ga arzonlashishini, cheklovni mahalliy avtomashinalar uchun bekor qilish muhimligini ta’kidladi.
Avtokreditlashdagi cheklovlar
2023-yilning sentabr oyida Markaziy bank banklarga avtokreditlar ajratish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Banklar kredit portfelidagi avtomobil sotib olish uchun qarzlarning ulushi kreditlar konsentratsiyasi bilan bog‘liq risklar tufayli 25% dan oshmasligi kerak.
O‘tgan yilning 1-iyulidan regulyator aholiga kreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Kredit bo‘yicha o‘rtacha to‘lovlarning qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadigan qarz yuki ko‘rsatkichi joriy qilindi.
Bu jismoniy shaxslarga mikrokredit berishda allaqachon qo‘llaniladi. Mikroqarzlar berish kredit oluvchining daromadi miqdorining yarmi bilan cheklandi.
Bundan tashqari, Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha yangi talablarni tasdiqlagan. Qarz oluvchilarning kredit riskini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich — “kredit/garov” koeffitsiyenti hisobga olinadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolarga 12,79 trln so‘mlik avtokreditlar ajratilgan bo‘lib, bu oldingi yilning mos davriga nisbatan 2,36 barobar kam. Sentabr avtokreditlash 2022-yil fevral oyidan beri eng past darajaga yetdi. Uchinchi chorakda ko‘rsatkich 2023-yilning xuddi shu vaqti bilan taqqqoslaganda, uch baravardan ko‘proq kamaydi.
MHTI kreditlashning pasayishi fonida avtomobil ishlab chiqaruvchilari chegirma va muddatli to‘lovlarni joriy etayotganini qayd etdi. Tahlillar banklar tomonidan ajratilgan avtokreditlar va aholining tasarrufdagi daromadlari avtomobil bozoridagi faollik darajasiga ta’sir etuvchi muhim omillardan biri ekanligini ko‘rsatgan.
Avvalroq Markaziy banki banklarga mikroqarzlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Ularning umumiy kredit portfelidagi ulushi avtokreditlardagi kabi 25% dan oshmasligi kerak.