O‘zbekistonda fuqarolarga ID-karta, xorijga chiqish pasporti hamda haydovchilik guvohnomalarining maxsus raqamlari oshirilgan narxlarda sotilishi mumkin. Bu bo‘yicha IIV hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Qayd etilishicha, aholida mazkur turdagi hujjatlarni o‘zlari xohlagan raqamlar komibinatsiyasi bilan olishga talab oshib bormoqda. Shundan kelib chiqib, qaror loyihasi bilan bu bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, xaridorgir raqamlar komibinatsiyasiga ega ID-karta, “zagran” pasport hamda haydovchilik guvohnomalarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berish tizimi joriy etiladi.

Xizmatdan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va ularning qonuniy vakillari foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

IIVning Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi vakolatli organ hisoblanadi. Davlat xizmatlari ushbu vakolatli organning rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi hamda Yagona portal orqali ko‘rsatiladi. Xizmat uchun to‘lovlar oldindan amalga oshiriladi.

Savdo esa tegishli ro‘yxat asosida tegishli axborot tizimi orqali onlayn tashkil etiladi. Unda kombinatsiyalashgan raqamlar, ularni tanlash va narxlar qayd etiladi. Savdoda kombinatsiyalashgan raqamlar seriyasi ishtirok etmaydi.

Murojaatchilar “chiroyli” raqamlarni tanlashda maxsus platforma orqali ERI, “Mobile-ID”, “Face-ID” yoki “One ID” orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Undan keyin kombinatsiyalashgan raqamlarni ko‘rish mumkin. Bunday raqamlar ro‘yxati quyida keltirilgan:

chiroyli raqamlar, haydovchilik guvohnomasi, id-karta, pasport, qonunchilik

Tanlagan raqam uchun to‘lov amalga oshirilgach, u fuqaroning JShShIR raqami orqali biriktiriladi. Undan keyin tegishli hujjatni olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qilish kerak. Raqamlar yangi rasmiylashtirilgan hujjatning amal qilish muddatiga beriladi.

Bundan tashqarim oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha raqam berish rad etilsa, to‘lov summasi murojaat asosida qaytarib beriladi va tanlangan raqam tizimga qayta joylashtiriladi.

Raqamlar fuqaroning JShShIR raqamiga biriktirilgan kundan boshlab, 90 kun saqlanadi. Shu vaqt ichida ID-karta, pasport yoki haydovchilik guvohnomasini yangilash yuzasidan murojaat bo‘lmasa, raqam tegishli hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

Kombinatsiyalashgan raqam biriktirilgan holda yangi hujjat rasmiylashtirilmagan holatda esa, raqam sotuvga qayta chiqariladi va to‘lovlar qaytarilmaydi.

Murojaat etuvchilar zaruratga ko‘ra so‘ralgan barcha hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etishi, belgilangan vaqtda o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlarni olishi shart.

Bu bo‘yicha muhokamalar joriy yilning 8-martigacha davom etadi. Loyiha bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.

Avvalroq 1-iyuldan pasport va ID-karta kabi 17 turdagi hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinishi haqida xabar berilgandi. Banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida ularning qog‘oz nusxalari talab etilmaydi.