Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda DXSh asosidagi loyihalar ijtimoiy sohalarda yaxshi natijalar berayotgani qayd etildi. Masalan, 1,2 mln o‘rinli xususiy bog‘chalar ochilgani natijasida qamrov darajasi 77% ga chiqdi. Oliy ta’lim tizimida 57 ta loyiha samarasida 29 ming talaba yotoqxona bilan ta’minlandi. Tibbiyotda otolaringologiya, diagnostika, laboratoriya kabi xizmatlarda xususiy sektor ulushi ancha yuqoriligi ta’kidlandi.

Shunga qaramay, bu borada hali imkoniyat va talab ko‘p aytildi. Taqdimotda tibbiyot, ta’lim, madaniyat va sport yo‘nalishlarida DXShni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

OTB, Xalqaro moliya korporatsiyasi, YTTB hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida jami qiymati $1,2 mlrdlik 5 ta, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida $745 mlnlik 6 ta hamda oliy ta’limda $100 mlnlik loyihalarni amalga oshirish choralari belgilab olindi.

Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Andijon va Samarqand shaharlarida ko‘p tarmoqli zamonaviy klinikalar quriladi. Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlar xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Madaniyat va sport sohalaridagi ayrim faoliyatlarga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirgacha 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan, yana qo‘shimcha 127 tasini berish mumkin.

Shu kabi bo‘sh turgan basseyn, sport zali va maydonlarini ham yangilab, sog‘lomlashtirish xizmatlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun madaniyat va sport inshootlarini soddalashgan tartibda xususiy sheriklikka berish taklifi ilgari surildi.

Davlat rahbari ijtimoiy sohadagi vazirliklar hamda mahalliy hokimliklarga tegishli obyektlar kesimida “yo‘l xaritalari"ni tasdiqlab, ijrosini ta’minlash, xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.