Rossiya banki raqamli rublni ommaviy joriy etish muddatini kechiktiradi. Bu haqda Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullinaga tayanib, “Vedomosti” nashri xabar berdi.

Regulyator rahbari Elvira Nabiullinaning so‘zlariga ko‘ra, bu barcha tafsilotlarni qayta ko‘rib chiqish va banklar bilan ularning mijozlari uchun eng jozibador bo‘lgan iqtisodiy model bo‘yicha maslahatlashish zarurati bilan bog‘liq.

Nabiullinaning aytishicha, raqamli rubl bo‘yicha sinovlar muvaffaqiyatli o‘tmoqd. Unda 15 ta bankning 1700 nafar mijozi hamda 30 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.

“Biz […] raqamli rublni keng joriy etish uchun e’tibor bilan yondashmoqdamiz, chunki bizning asosiy vazifamiz raqamli rubl talabgor bo‘lishi, fuqarolar va biznes vakillari ishonchini qozonishidir”, — deb ta’kidladi Nabiullina.

Raqamli rubl — Rossiya milliy valyutasining raqamli shakli bo‘lib, Rossiya Markaziy banki uni mavjud pul shakllariga qo‘shimcha ravishda muomalaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bir raqamli rubl bir naqd yoki naqdsiz rublga teng bo‘ladi.

Raqamli rublni joriy qilish ishlari 2020-yil oktabr oyida boshlangan. Kriptovalyutalardan farqli o‘laroq, Markaziy bankning raqamli valyutasi naqd va naqd pulsiz rubllar bilan bir qatorda milliy valyutaning ekvivalent shakli hisoblanadi.

2023-yil 1-apreldan Rossiyada raqamli rubl sinovdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Rossiya Davlat dumasi raqamli rublni muomalaga kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagandi.

Avvalroq Rossiya Markaziy banki 2025-yil 1-iyuldan boshlab raqamli rubl barcha xohlovchilar uchun foydalanishga ochiq bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Yangi ommaviy muomalaga chiqarish sanasi keyinroq e’lon qilinadi.


Avvalroq “Spot” Qirg‘izistonda sinov tariqasida raqamli som joriy etilishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, loyihani 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiritish rejalashtirmoqda.