Rossiya hukumati benzin ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmaydigan kompaniyalar uchun benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 1-martdan 31-avgustgacha uzaytirdi. Tegishli qarorni bosh vazir Mixail Mishustin imzoladi.
Cheklov neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari tomonidan amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Rasmiylar taqiqning uzaytirilishini ichki yoqilg‘i bozorini barqarorlashtirish, neftni qayta ishlash sanoatini qo‘llab-quvvatlash va “kulrang” eksportga qarshi kurashish zarurati bilan izohladi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 4-fevraldan 24-fevralgacha yoqilg‘i narxi bir necha bor ko‘tarilgan, ammo 26-fevral kuni Sankt-Peterburg xalqaro tovar-xomashyo birjasida AI-92 va AI-95 benzinlarining narxlari mos ravishda 0,33 va 0,83%ga pasaygan.
Benzin eksportiga qo‘yilgan dastlabki taqiq 2024-yilning mart oyidan avgust oyigacha amal qilgan bo‘lib, keyin may oyida vaqtinchalik bekor qilingan edi. Shu bilan birga, xalqaro kelishuvlar doirasida YEOII mamlakatlariga, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga yetkazib berish davom etavergan.
Embargo 20-may kuni iyun oyining oxirigacha to‘xtatilgan bo‘lib, keyin tanaffus yana bir oyga uzaytirildi. Keyinchalik Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 1-avgustdan boshlab benzin eksportiga taqiq qayta joriy etilgani va bu taqiq oktyabr oyining oxirigacha uzaytirilganini ma’lum qildi. So‘ngra taqiqning amal qilish muddati fevral oyining oxirigacha cho‘zildi.
2023-yil noyabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Spot"ga Rossiya yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonga ta’sir qilmasligini aytgandi. Energetika vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, 21-sentabrdan Rossiya tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmagan, bu davlatlar o‘rtasida hukumatlararo kelishuv tuzilgani bilan izohlangan.
Avvalroq “Spot” benzin va motor moylarini eksport qilish tartibi soddalashtirilishi haqida yozgandi.
Bunda ularni yetkazib berishda oldindan to‘lov, bank kafolati yoki sug‘urta talab etilmaydi.