27-fevral kuni prezident xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorni imzoladi.
Hujjat bilan, joriy yilda xizmatlar hajmini 15% ga oshirish, 52,2 mingta xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish hamda 3 mln kishi bandligini ta’minlash belgilanmoqda.
2022-yilda xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun belgilangan 1% lik ijtimoiy soliq stavkasining amal qilish muddati 2028-yilning 1-yanvarigacha uzaytirildi. Uning muddati 2025-yilgacha belgilangandi.
Bu oylik ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,5 baravari (2 887 500 so‘m) dan kam bo‘lmagan 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 67,4 trln so‘m, xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish uchun developerlar orqali tadbirkorlarga noturar joylarni lizingga berishga 4,5 trln so‘m miqdorida kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Hududlarda 2025-yilda 652 ta “drayver” loyihalarni infratuzilma bilan ta’minlashga 1 trln so‘m ajratiladi. Uning doirasida 72 ta sohil bo‘yi dam olish maskanlari, 62 ta istirohat bog‘lari, 154 ta uzluksiz ishlovchi turizm va gastronomik yo‘nalishlarga ixtisoslashgan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar hamda 364 ta yo‘l bo‘yi va boshqa servis obyektlari qamrab olinadi.
Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida korxonalar soni 1,5 karra oshib, ulardagi ishchilar 220 mingga ko‘paygani qayd etilgandi. Ko‘p korxonalar “soya"dan chiqib, oylikni to‘g‘ri ko‘rsatishga o‘tgani hisobiga, ish haqi 3,2 karra ko‘payib, qo‘shimcha 2,1 trln so‘m soliq tushdi.